Rossiya kemasi O'rta yer dengizida cho'kib ketdi

    Rossiyaning “Ursa Major” kemasi Ispaniya va Jazoir o'rtasidagi xalqaro suvlarda halokatga uchradi, deb xabar berdi Español.

    “Rossiyaning “Ursa Major” savdo kemasi dushanba kuni mashina bo'lmasida sodir bo'lgan portlashdan so'ng Agilas munitsipaliteti (Mursiya viloyati) va Oran shahri (Jazoir) o'rtasidagi xalqaro suvlarda halokatga uchradi”, deb yozadi nashr.

    Ekipajning 14 nafar a'zosi qutqarib olinib, Kartagena bandargohiga yetkazildi, biroq ikki nafar dengizchi hamon bedarak yo'qolgan.

    Rossiya kemasi 12 kun oldin Sankt-Peterburgdan jo'nab ketgan va Vladivostok bandargohiga yo'l olgan va 22-yanvar kuni u yerga yetib borishi kerak edi.

    Nashr ma'lumotlariga ko'ra, qutqaruv ishlariga shu hududda joylashgan bir nechta kemalar jalb qilingan, keyinroq qidiruvga Ispaniyaning “Clara Campoamor” qutqaruv kemasi va Ispaniya harbiy-dengiz kuchlarining patrul kateri qo'shilgan.

    Ispaniyaning yana bir nashri Verdadning kema kapitaniga tayanib yozishicha, halokat vaqtida kemada bo'sh konteynerlar bo'lgan.

    Ursa Major kemasi 2009-yilda ishlab chiqarilgan, deb xabar beradi ria.ru.