Rossiya-O'zbekiston ta'lim forumi ikki mamlakat o'rtasida ta'limning barcha bosqichidagi masalalar muhokamasi uchun o'ziga xos platforma vazifasini o'taydi. Bu yilgi ikkinchi forumda ilmiy sohada ham hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha muzokaralar olib borilishi ko'zda tutilgan.
Tadbirda ikki tomondan oliy, umumiy o'rta va maktabgacha ta'lim hamda ilm-fan sohalari uchun mas'ul vazirlik va tashkilotlar vakillari ishtirok etadi. Rossiya tomonidan tadbirning asosiy tashkilotchilari — Ilm-fan va oliy ta'lim vazirligi, M. V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti (MDU). O'zbekiston tomonidan esa forumga Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi boshchilik qilmoqda.
Shuningdek, forumda ishtirok etuvchi O'zbekiston delegasiyasi tarkibi mamlakatdagi davlat oliy ta'lim muassasalari va filiallar rektorlaridan iborat.
Tadbirning birinchi kunida yalpi majlis o'tkazilib, ikki tomonlama hujjatlarni imzolash, sho'balardagi chiqishlar va ta'lim, ilm-fan, kadrlar tayyorlash hamda rus tilini o'qitish masalalari bo'yicha muhokamalar olib boriladi.
Forumning ikkinchi kunida esa O'zbekiston OTM rektorlari uchun interaktiv seminar tashkil etilib, ular Moskvadagi OTMga tashrif buyuradi.
Ayni daqiqalarda forumning ochilish marosimiga tayyorgalik ishlari ketmoqda.
Forum tafsilotlari xususida xabarlar berib boriladi.
Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi Axborot xizmati.