Rossiya Prezidenti Oʻzbekiston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabrikladi

    24-iyul kuni boʻlib oʻtgan telefon orqali muloqotda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni tavallud kuni bilan samimiy tabrikladi.

    Unga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va davlat rahbari sifatidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

    Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

    Oʻzaro tovar ayirboshlash koʻrsatkichlarining oʻsish surʼatini saqlab qolish, yetakchi korxona va kompaniyalarning sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi va boshqa ustuvor yoʻnalishlardagi kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, ikki mamlakat hududlarining samarali hamkorligini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

    Faol madaniy-gumanitar almashinuvlar davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

    Oʻzbekiston va Rossiya yetakchilari boʻlajak tadbirlar rejasini ham koʻrib chiqdilar.