Oʻzbekistonning Qozon va Rostov-Don shaharlaridagi bosh konsulxonalari maʼlumotlariga asosan, 2020-yil 29-sentyabr holatiga koʻra Samara viloyatining “Kinel”, Rostov viloyatining “Pervomayskaya” va “Lixaya” temir yoʻl stansiyalari yaqinida Oʻzbekiston fuqarolarining toʻplanishi kuzatilmayapti.

Toʻplangan barcha fuqarolar avtobus reyslari va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning maxsus poyezdlari orqali vatanga qaytarilgan. Shu munosabat bilan ushbu stansiyalar yaqinidagi maxsus vaqtinchalik lagerlar ayni paytda yopilgan.

Mamlakatimizning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalari xabar berishicha, soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda Rossiya-Qozogʻiston davlatlararo chegarasi joriy yil 1-oktyabrdan ochilishi hamda Rossiyadagi Oʻzbekiston fuqarolari Qozogʻiston hududi orqali Vatanimizga qaytishlari mumkinligi haqidagi yolgʻon xabarlar tarqalmoqda.

Bundan tashqari, yoʻlovchi tashish bilan shugʻullanadigan ayrim shaxslar shaxsiy avtomobil vositalarida Oʻzbekistonga qaytish toʻgʻrisida turli eʼlonlar tarqatmoqdalar.

Hamyurtlarimizdan bu kabi yolgʻon xabarlarga ishonmasliklarini soʻraymiz. Rossiya va Qozogʻiston oʻrtasidagi avtomobil chegaralari tomonlar ushbu masala boʻyicha maxsus qaror qabul qilgunga qadar chet el fuqarolari uchun yopiq qolishi haqida maʼlum qilamiz.

Hozirda Vatanga qaytishni istagidagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun avia, temir yoʻl va avtobus charter qatnovlari tashkil etilyapti. Ushbu reyslarga chiptalar onlayn tarzda sotilyapti, deb xabar beradi tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Koronavirus infeksiyasi pandemiyasi tarqalayotgan bir paytda fuqarolarning bir joyda toʻplanishi ularning virus bilan kasallanish ehtimolini keskin oshiradi. Bunday holat ayniqsa qariyalar, bemorlar, surunkali kasalligi bor fuqarolar uchun nihoyatda xavflidir.

Rossiya hududida boʻlgan vatandoshlarimizdan joylarda toʻplanmaslik, barcha karantin talablariga qatʼiy rioya qilish hamda oʻzlari va yaqinlari salomatligini xavf ostiga qoʻymasliklarini yana bir bor soʻraymiz, deyiladi xabarda.