Tadbirni Oʻzbekiston Turizm qoʻmitasining birinchi oʻrinbosari Jamshid Abdusalomov va Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri oʻrinbosari Dmitriy Vaxrukov olib bordi.
Suhbat chogʻida ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar, xususan, avval qabul qilingan qaror va hujjatlar ijrosi, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida sayyohlik oqimini koʻpaytirish uchun shart-sharoitlar yaratish boʻyicha hukumatlararo harakatlar rejasi hamda ikki davlat oʻrtasida 2025-2026-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi muhokama qilindi.
Shuningdek, Rossiya shaharlaridan Toshkent orqali boshqa davlatlarga bogʻlovchi reyslarni tashkil etish va 2024-2025-yillarda Rossiyada “Oʻzbekiston turizm yili”ni oʻtkazish masalalari koʻrib chiqildi.
“Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida 2024-yilning birinchi choragidagi sayyohlik oqimi koʻrsatkichi 2023-yilga qaraganda 20 foizdan koʻproqqa oshdi”, – deb taʼkidladi Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri oʻrinbosari Dmitriy Vaxrukov.
Uchrashuv yakunida turizm sohasidagi hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Rossiya quyi qoʻmita yigʻilishining bayonnomasi imzolandi.