Muloqotlar davomida Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov va Rossiya Strategik tashabbuslar agentligining xalqaro aloqalar boʻlimi direktori Mixail Makarov oʻrtasida joriy yilda imzolanishi kutilayotgan oʻzaro hamkorlik chora-tadbirlari rejasi doirasida ikki idora oʻrtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokamasi boʻlib oʻtdi.
М.Макаров ijtimoiy va mintaqaviy rivojlanish tashabbuslari, ekologik tashabbuslar, integratsiya loyihalari – “Yashil Yevroosiyo”, “BRIKSolution” tanlovlari haqida maʼlumot berib, Oʻzbekistonni ularda ishtirok etishga taklif qildi.
Shuningdek, Rossiya vakili “Yangi davrning kuchli gʻoyalari” forumiga oʻxshash respublika miqyosidagi tadbirni oʻtkazishda ekspertlik yordamini koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.
Bundan tashqari Rossiya Strategik tashabbuslar agentligi jamoasi mintaqaviy rivojlanish amaliyotlarini almashish va replikatsiya uchun yirik loyihalarni amalga oshirish platformasi – Smartekani oʻzbek tiliga tarjima qilish ustida ish olib borayotgani maʼlum qilindi.
Tomonlar joriy yil uchun idoralar oʻrtasidagi hamkorlik yoʻnalishlaridan biri boʻlgan kreativ iqtisodiyot va sanoat turizmini rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildilar, deb xabar beradi Strategik islohotlar agentligi matbuot xizmati.