Rossiya tadbirkorlari bilan davra suhbati

    Biznes 6 Aprel 2021 565

    Toshkent shahar hokimligida toshkentlik tadbirkorlar va Rossiya Federatsiyasi Udmurt Respublikasi ishbilarmonlik doiralari vakillari oʻrtasida “Rossiya va Oʻzbekistonning sanoat va taʼlim xizmatlari sohasidagi hamkorligi. Mamlakatlararo hamkorlik imkoniyatlari” mavzusidagi davra suhbati boʻlib oʻtdi.

    Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari – Investitsiya va tashqi savdo boshqarmasining boshligʻi Sharof Rahmonov uchrashuvni ochib, Toshkent shahri va Udmurt Respublikasi hududlari oʻrtasidagi bevosita aloqalarning ahamiyatini taʼkidladi.

    Davra suhbati Udmurt Respublikasi delegatsiyasi biznes vakillarining taqdimlari bilan davom etdi. Mehmonlar “Kalashnikov konserni” OAJ, “Kambar Mashinasozlik Zavodi” MCHJ, “Sarapul elektrogenerator zavodi” MCHJ va boshqalar haqida maʼlumot berdilar. Xususan, “Kalashnikov konserni” OAJ qator noharbiy mahsulotlarni taklif qildi: zavodlar uchun stanoklar, asbob-uskunalar, elektrokardiostimulyatorlar, oziq-ovqat sanoati uchun quyish avtomatlari, samaradorlikni oshirish uchun ishlab chiqarishni raqamlashtirish va boshqariladigan pilotsiz apparatlar. Shuningdek, rivojlanib borayotgan sanoat turizmi doirasida zavodga ekskursiyalar boʻyicha maʼlumot berdi.

    Shuningdek, Udmurt Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining taqdimi boʻlib oʻtdi, xususan, Ijevsk davlat tibbiyot akademiyasi (IDTA) va Udmurt davlat universitetidagi(UDU) taʼlim yoʻnalishlari va boshqa takliflar aytib oʻtildi.

    Davra suhbati davomida Savdo-sanoat palatasi vakillari, hokimlik mutasaddilari va toshkentlik tadbirkorlar taqdim qilingan taʼlim muassasalari va korxonalarga oid barcha savollariga batafsil javob oldilar.

    Davra suhbati ikki tomonlama manfaatli masalalarda aniq hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun yaxshi asos sifatida xizmat qildi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.