Rossiya va Oʻzbekiston madaniyat vazirlari uchrashdi

    Ayni kunlarda Rossiya Federatsiyasida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” oʻtkazilmoqda.

    Bugun Rossiyada “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” doirasida Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyasi madaniyat boʻyicha qoʻmitaning toʻrtinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Unda Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va Rossiya Federatsiyasi madaniyat vaziri Olga Lyubimova oʻrtasida hamkorlik uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda ikki davlat vakillaridan iborat delegatsiya ham ishtirok etdi.

    Uchrashuv avvalida Rossiya Federatsiyasi madaniyat vaziri Olga Lyubimova Oʻzbekiston — Rossiya munosabatlarining soʻnggi yillaridagi keng qamrovli hamkorligi, koʻplab sohalarida ijobiy natijalarga erishayotganligi, hozirgi kunda mamlakatlarimiz oʻzaro aloqa oʻrnatmagan sohaning oʻzi qolmaganligini taʼkidladi.

    “Moskvaga tashrif buyurgan oʻzbekistonlik hamkasblarimga salom! Shunday vakillik delegatsiyasining Rossiya poytaxtiga tashrif buyurganidan xursandman. Umid qilamanki, tashrifingiz samarali boʻladi va sizda ajoyib taassurotlar qoldiradi. Madaniyat boʻyicha quyi qoʻmitalar yigʻilishlari muntazam ravishda oʻtkazib kelinayotgani quvonarli, bu har yili hamkorlikdagi ish natijalarini sarhisob qilish va kelajak rejalarini konstruktiv muhokama qilish imkonini beradi. 2023-yil 22-may kuni Toshkent shahrida quyi qoʻmitaning uchinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Shu vaqt ichida madaniyatning barcha jabhalarida koʻplab qoʻshma loyihalarni amalga oshirdik, hamkorligimiz prinsipial jihatdan yangi bosqichga koʻtarildi. — Oʻrnatilgan ijodiy hamkorlikni ishonch bilan qayd etishimiz mumkin va bu yil madaniy muloqotni qoʻllab-quvvatlash yili boʻldi” – dedi Olga Lyubimova.

    Soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ikki davlat oʻrtasidagi madaniy hamkorlik aloqalari haqida soʻz yuritdi.

    “Taʼkidlash joizki, Hukumatlararo komissiyaning Madaniyat boʻyicha quyi qoʻmitasi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirishda muhim oʻrin tutadi. Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani, ayniqsa, quvonarlidir. Soʻnggi yillarda Rossiya va Oʻzbekistonning madaniyat sohasidagi oʻzaro hamkorligi yangi sifat bosqichiga koʻtarildi. Ishonchimiz komilki, shu kunlarda Moskva shahrida oʻtkazilayotgan «Oʻzbekiston madaniyati kunlari” madaniy hamkorligimiz tarixida alohida ahamiyatga ega boʻladi. Zamonaviy dunyoda, yangi chaqiriq va talablar paydo boʻlganda, madaniy-gumanitar hamkorlikni jadallashtirish ayniqsa muhimdir. Madaniyat har qanday tarixiy lahzada xalqlarga umid baxsh etuvchi omildir. Shu munosabat bilan oʻzaro hurmat va teng huquqlilikka asoslangan munosabatlarni rivojlantirish, ikki tomon uchun qiziqarli boʻlgan qoʻshma loyihalarni ilgari surish muhim ahamiyatga ega» – dedi Ozodbek Nazarbekov.

    Uchrashuv yakunida, Hukumatlararo komissiyaning Madaniyat boʻyicha quyi qoʻmitasining toʻrtinchi majlisi bayonnomasi imzolandi.

    Dilnura Qutlimurodova