Rossiya va Qozogʻiston bilan parlamentlararo hamkorlik ustuvor yoʻnalishlari muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 31 Mart 2022 1374

    Olma-оta shahrida MDH ishtirokchi davlatlari Parlamentlararo Assambleyasi Kengashining tantanali majlisida ishtirok etish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbayeva MDH ayrim davlatlarining parlament rahbarlari bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Eslatib oʻtamiz, Assambleya tashkil topganining 30 yilligiga bagʻishlangan tadbirlarda Hamdoʻstlik mamlakatlari milliy qonun chiqaruvchi organlari rahbarlari ishtirok etdi.

    Jumladan, joriy yil 29-martda Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi, MDH PA Kengashi Raisi V.Matviyenko bilan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish va parlamentlararo munosabatlarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

    V.Matviyenko Oʻzbekistonda Prezident Sh.M.Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuksak baholadi.

    Savdo, iqtisodiyot va madaniyat sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollari ham koʻrib chiqildi.

    Senat rahbari T.Narbayeva parlament diplomatiyasi ikki tomonlama munosabatlar va boshqa dolzarb masalalarni hal etishda muhim tashqi siyosiy resurs sifatida eʼtirof etilishini taʼkidladi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligiga bagʻishlangan ikki davlat parlament aʼzolari ishtirokida madaniy tadbirlar oʻtkazish yuzasidan fikr almashildi.

    *****

    Shu kunning oʻzida parlament delegatsiyasi rahbari T.Narbayeva Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Senati raisi M.Ashimbayev bilan uchrashdi.

    Suhbat chogʻida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar, mamlakatimizning asosiy nuqtayi nazarlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

    Shuningdek, parlamentlararo hamkorlikning gender tenglikni taʼminlash, yoshlar siyosatini amalga oshirish sohasidagi ustuvor yoʻnalishlari, shuningdek savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda birgalikda amalga oshiradigan ishlar ham muhokama etildi.

    Ikki davlat yoshlari oʻrtasidagi aloqalarni chuqurlashtirishga qaratilgan ilm-fan va ekologiya sohasida qoʻshma taʼlim loyihalarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi. Xususan, mazkur masalalar joriy yilning aprel oyida Qiziloʻrda shahrida boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston va Qozogʻiston parlamentlari yuqori palatalari oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha qoʻshma komissiyaning boʻlib oʻtadigan majlisi kun tartibi doirasida muhokama etiladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.