Rossiya yoqilg'i taqchilligi tufayli Xitoy va boshqa davlatlardan benzin sotib olmoqchi

    Rossiya hukumati yirik neftni qayta ishlash zavodlariga dronlar hujumidan so'ng mamlakatda yuzaga kelgan yonilg'i taqchilligini qoplash uchun Xitoy va boshqa Osiyo davlatlaridan benzin import qilishni boshlash bo'yicha chora-tadbirlar paketini tayyorladi.

    “Kommersant”ning yozishicha, Moskva Xitoydan tashqari Janubiy Koreya va Singapurdan ham benzin sotib olishga umid qilmoqda. Shu maqsadda Uzoq Sharqdagi ayrim nazorat-o'tkazish punktlari orqali kirib kelayotgan yonilg'i uchun import bojlarini bekor qilishni rejalashtirmoqda. Davlat import qiluvchilarga jahon va ichki narxlar o'rtasidagi farqni byudjet hisobidan qoplaydi.

    Sentabr oyining oxiriga kelib, mamlakatdagi neftni qayta ishlash quvvatining rekord darajadagi 38 foizi (kuniga 338 ming tonna) ishlamay qolgan. Mazkur holatning 70 foizi avgust oyining boshidan beri 20 dan ortiq yirik neftni qayta ishlash zavodlariga zarba bergan dronlar hujumlari bilan bog'liq, deb xabar berdi moscowtimes.ru.