Offlayn va onlayn formatdagi ushbu tadbir dasturidan 105 sessiya, 24 simpozium, 8 ta telekonferensiya oʻrin olgan. 600 nafar maʼruzachidan 40 nafarga yaqini AQSH, Xitoy, Ispaniya, Shveysariya, Serbiya, Argentina, Hindiston, Indoneziya, Eron va MDHga aʼzo qator mamlakatlar vakillaridir.
Ular safida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Xorazm filiali direktori Tohir Polvonov ham bor.
Oʻzbekistonlik mutaxassis oʻz onlayn chiqishida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimida ayrim xavfli oʻsmalar profilaktikasi, chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklar natijalari va buni tashkil qilish bilan bogʻliq jihatlar haqida toʻxtaldi.
Tadbir ishtirokchilari yurtimiz, xususan, Xorazm viloyatida amaliyotga tatbiq etilayotgan onkologik kasalliklar diagnostikasi va ilgʻor davolash usullariga doir Oʻzbekiston tajribasini yuqori baholab, bu boradagi ishlarni takomillashtirish yuzasidan oʻz taklif va tavsiyalarini bildirdi.
‼️ Rossiya Sogʻliqni saqlash vazirligining Radiologiya tibbiy tadqiqot milliy markazi bosh direktori, P.A.Gersen nomidagi Moskva onkologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori, Rossiya onkologlar assotsiatsiyasi prezidenti, akademik Andrey Kaprin boshchilik qilgan anjumanda tibbiyotning mazkur yoʻnalishiga doir innovatsion yutuqlar va yangi ishlanmalar haqida ham maʼlumot berildi.