Rossiyada chet el fuqarosining raqamli profilini yaratish ishlari boshlandi

    2024-yil 1-dekabrdan boshlab Rossiyaga kirish va chiqishda chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun biometrik maʼlumotlarni taqdim etish boʻyicha eksperiment boshlanadi.

    Bu haqda Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasi maʼlum qildi.

    Maʼlum qilinishicha, eksperiment chet el fuqarosining raqamli profilini yaratishga qaratilgan.

    Eksperimentning asosiy bosqichlari:

    Birinchi bosqich 2024-yil 1-dekabrdan boshlanadi va 2026-yil 30-iyungacha Moskva aeroportlarida (Sheremetevo, Domodedovo, Vnukovo va Jukovskiy), hamda Mashtakovo avtomobil yuk va yoʻlovchi nazorat punktida (Orenburg viloyati) davom etadi.

    Ushbu bosqichda Rossiya Federatsiyasi chegarasini kesib oʻtishda (kirish/chiqish) xorijliklar (shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari) biometrik maʼlumotlarni – yuzning fotografik tasvirini va barmoq izlarini taqdim etadi.

    Ikkinchi bosqichda, 2025-yil 30-iyundan 2026-yil 30-iyuniga qadar eksperiment kengaytiriladi va Rossiya davlat chegarasi orqali barcha nazorat-oʻtkazish punktlarini qamrab oladi.

    Ushbu bosqichda Rossiya Federatsiyasiga vizani talab qilmaydigan tartibda kirishni rejalashtirayotgan chet el fuqarosi (jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ham) eksperiment davomida, RFga kirishdan oldin quyidagi harakatlarni amalga oshiradi:

    • Yagona portal mobil ilovasidan foydalangan holda identifikatsiya va autentifikatsiyaning yagona tizimida roʻyxatdan oʻtish tartibidan oʻtadi;
    • real vaqt rejimida oʻz fotosuratlarini yagona portal mobil ilovasiga taqdim etadi va biometrik shaxsiy maʼlumotlarini yagona biometrik tizimga joylashtiradi;
    • Rossiya Federatsiyasiga kirish rejalashtirilgandan kamida 72 soat oldin yoki 4 soatdan kechiktirmasdan (agar shoshilinch davolanish zarurati, qarindoshining oʻlimi fakti mavjud boʻlsa) kirish maqsadlari toʻgʻrisida elektron bayonot beradi.

    Ushbu eksperiment Rossiya Federatsiyasiga kiruvchi va chiquvchi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga amal qiladi, bundan mustasnolar quyidagilar:

    • Belarus Respublikasi fuqarolari;
    • diplomatik vakolatxonalar rahbarlari va xodimlari, ularning oila aʼzolari;
    • xalqaro tashkilotlarning rahbarlari, xodimlari va ularning oila aʼzolari;
    • diplomatik yoki xizmat pasportiga ega boʻlgan shaxslar;
    • 6 yoshgacha boʻlgan bolalar.