Joriy yilning sentyabr` oyida Rossiya Federatsiyasi Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vaziri o'rinbosari Andrey Pudov boshchiligida Qurilish va uy-joy xo'jaligi, Ichki ishlar va Sog'liqni saqlash vazirliklari, Rostrud, Moskva hukumati hamda «Roskapstroy», «Nostroy», «Naymiks», «Almas-integral», «PIK Industriya», «Reneyssans Xevi Indastris», «YAndeks» kabi yirik ish beruvchi korxonalar vakillaridan iborat delagatsiya O'zbekistonga tashrif buyurgan edi. Tashrif doirasida mehnat migratsiyasi masalalariga bag'ishlangan muzokaralar o'tkazilib, qurilish sohasida ishlash istagida bo'lgan o'n ming nafar fuqaroni yaqin vaqt davomida soddalashtirilgan tartib asosida O'zbekistondan Rossiyaga ishga jalb qilish bo'yicha kelishiluvga erishilgan edi.
O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya Federatsiyasiga yuborish bo'yicha pilot loyihasi boshlandi. Ushbu loyiha doirasida nomzodlarni ishga jalb qilish bilan bog'liq, jumladan, tibbiy ko'rikdan o'tkazish, emlash, rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo'yicha imtihon topshirish, patent rasmiylashtirish va transport xarajatlari ish beruvchilar tomonidan qoplanadi.
Shu munosabat bilan o'n ming nafar fuqaroni Rossiya Federatsiyasiga tashkiliy tarzda ishga jo'natish tadbirlarini amalga oshirish maqsadida tibbiy asbob-uskunalar bilan Rossiyaning 40 nafar tibbiyot xodimi O'zbekistonga etib keldi. endilikda Rossiya hududida ishlash huquqini beruvchi patent olishda talab etiladigan tibbiy ko'rik Rossiya sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan Toshkentda o'rnatilgan tibbiy asbob-uskunalar yordamida yurtimizda amalga oshiriladi. Ta'kidlash joizki, ushbu tadbirlar Rossiyada ishlash istagida bo'lgan ko'plab yurtdoshlarimiz uchun qo'shimcha imkoniyatlar yaratib, fuqarolarning vaqti va xarajatlari qisqarishiga xizmat qiladi.
Ma'lumot o'rnida shuni aytish joizki, Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat faoliyatini olib borish istagida bo'lgan fuqarolarni emlash va koronavirusga qarshi test topshirish jarayonlarini ikki davlat mutaxassislari tomonidan Rossiya tomoni tibbiy uskunalari yordamida birgalikda O'zbekistonda amalga oshirish hamda ularning natijasi bo'yicha tibbiy ma'lumotlarni «COVID-19siz sayohat» ilovasi tizimiga integratsiya qilinadi. SHuningdek, fuqarolar uchun patent olishda talab etiladigan daktiloskopik ro'yxatga olish va rasmga olish jarayonlarini ikki davlat Ichki ishlar vazirliklari tomonidan Rossiya tomoni uskunalari yordamida O'zbekistonda amalga oshiriladi.