Rossiyada ishlash uchun hujjat tayyorlash osonlashtirilmoqda

    Rossiya Ichki ishlar vazirligining “Pasport va viza xizmati” federal davlat unitar korxonasi rahbari S.Mashin boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Oʻzbekistonga tashrif buyurdi.

    Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 17-avgustda xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarimizga munosib sharoitlar yaratish va ular bilan tizimli ishlash yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi, shuningdek, 11-sentyabrda qabul qilingan “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarorida Rossiya Federatsiyasi bilan bogʻliq boʻlgan mehnat migratsiyasi sohasiga oid muhim vazifalar belgilangan.

    Jumladan, Rossiyadagi oʻzbekistonlik mehnat migrantlariga munosib sharoitlar yaratish, salohiyatli korxonalarga fuqarolarni tashkillashtirilgan holda ishga jalb qilish boʻyicha aniq kelishuvlarga erishish, ularni kasb-hunar va rus tiliga oʻqitishni tashkil etish, Yekaterinburg, Novosibirsk, Samara, Ufa shaharlarida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalarini ochish, Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining “Pasport-viza xizmati” vakolatxonasini Oʻzbekistonda ochish hamda ushbu vakolatxonada vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsatnomani, yaʼni patentni tayyorlash, rasmiylashtirish va berish xizmatlarini koʻrsatish, shuningdek, Rossiyadagi vatandoshlar tashkilotlari bilan huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hamkorlik va aloqalarni rivojlantirish va boshqa vazifalarni amalga oshirish zarurligi taʼkidlangan edi.

    Rossiya Federatsiyasida ishlayotgan Oʻzbekiston fuqarolari bilan bogʻliq kompleks masalalarni muhokama qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti boshligʻi M.Xayriddinov, Bandlik va mehnat munosabatlari va Ichki ishlar vazirliklari vakillari hamda Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi “Pasport-viza xizmati” rahbari S.Mashin, Rossiya xalqlar doʻstligi universitetining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari A.Kolesnikov ishtirokida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida oʻtkazilgan uchrashuvda ayni paytda Rossiyada vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan va ushbu mamlakatda ishlash istagidagi fuqarolar uchun koʻplab qulayliklar yaratish bilan bogʻliq masalalar muhokama etildi.

    Uchrashuvda taʼkidlandiki, Rossiya Federatsiyasi hududida ishlashda talab etiladigan patentni rasmiylashtirish uchun oʻrtacha 20 kundan 30 kungacha vaqt talab etiladi. Bu vaqt oraligʻida fuqaroning ishlashi mumkin emas va tabiiyki, bu jarayon mehnat migrantlari uchun ortiqcha vaqt va xarajat talab etadi. Endilikda, Rossiya Ichki ishlar vazirligining “Pasport va viza xizmati” hamda Rossiya xalqlar doʻstligi universitetining mamlakatimizda vakolatxonalarini ochish orqali patent uchun talab etiladigan hujjatlarning aksariyat qismi, xususan, rus tili, Rossiya qonunchiligi va tarixini oʻrgatish va tegishli sertifikat berish ishlari Oʻzbekistonda amalga oshiriladi. Shu bilan birga, ketishdan avval tibbiy koʻrikdan oʻtish va Rossiya Federatsiyasi hududiga kirish uchun taqiq bor-yoʻqligini tekshirish imkoniyatini yaqin vaqtda yaratish ham rejalashtirilmoqda.

    Uchrashuvda mehnat migrantlari va ularning oila aʼzolari uchun Oʻzbekistonda yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida ham maʼlumot berildi.

    Taʼkidlash joiz, Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston oʻrtasida mehnat migratsiyasi sohasida bir qator masalalar yuzasidan muzokaralar oʻtkazish va aniq kelishuvlarga erishish maqsadida joriy yilning 16-29-sentyabr kunlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillaridan iborat delegatsiya aʼzolari ushbu mamlakatga tashrif buyurib, vakolatli tashkilot hamda qator ish beruvchi korxonalar bilan kelishuvlarga erishilgan edi.