Rossiyada ishlash uchun yana 700 dan ortiq fuqaro tanlab olindi

    Ijtimoiy hayot 25 Noyabr 2020 1468

    Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va “PIK-Industriya” aksiyadorlik jamiyati oʻrtasida fuqarolarni ishga qabul qilish boʻyicha videokonferensaloqa shaklida tanlovlar davom etyapti.

    10-18-noyabr kunlari oʻtkazilgan tanlovlarda tanlab olingan 1 209 nafar fuqaroning roʻyxati Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi “Pasport va viza xizmati” federal davlat unitar korxonasiga fuqarolarning ushbu davlat hududiga kirib borishida taqiq bor-yoʻqligini tekshirish, shuningdek, Koronavirus kasalligi kirib kelishi va tarqalishini oldini olish boʻyicha operativ shtabidan Rossiyaga kirishga ruxsat olish uchun yuborildi.

    Bugungi kunda viloyatlar kesimida tanlovning ikkichi qismi davom etyapti. Ayni paytgacha Agentlikning Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Sirdaryo viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasi filiallari bilan videokonferensaloqa shaklida tanlov oʻtkazilib, turli yoʻnalishlar boʻyicha Rossiya ishlash istagidagi 700 dan ortiq fuqaro tanlab olindi.

    Tanlov davomida “PIK-Industriya” tomonidan mehnat migrantlari uchun yaratilgan sharoitlar, ish haqi, zarur mutaxassisliklar haqida maʼlumot berilyapti.

    Tanlovlarda payvandchi, elektrik, shamollatish tizimlarini montaj qilish, gʻisht teruvchi va boshqa mutaxassisliklar boʻyicha vakansiyalar haqida maʼlumot berilib, oʻrtacha 60-90 ming rubl miqdorida oylik ish haqi taklif etilyapti.

    Migrantlar ish beruvchi tomonidan Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksida belgilangan mehnat sharoitlari, ish haqi, mehnat taʼtili, COVID-19 testi, yotoqxona va roʻyxatdan oʻtish, zarur himoya vositalari, ish kiyimlari, ish qurollari bilan taʼminlanadi.

    Pandemiya paytida chet el fuqarolarini olib kirish uchun maxsus ruxsatnoma olinib, ishga jalb qilingan Oʻzbekiston fuqarolari kamida 1 yil ishlab berishi talab etiladi, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.