Baʼzi ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federatsiyasi hukumatining 2020-yil 6-noyabrdagi № 2883-r farmoyishi mehnat migrantlari uchun kvotalarning qisqarishi maʼnosida notoʻgʻri talqin qilinmoqda.

Shu munosabat bilan, quyidagilarni maʼlum qilamiz:

Avvalo, taʼkidlash joiz, Rossiya bosh vaziri tomonidan qabul qilingan mazkur kvotalar mehnat migrantlariga emas, balki chet elliklar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Rossiyada vaqtincha yashash uchun beriladigan ruxsatnomalarga (RVP) taalluqli, yaʼni kvotaning patent olishga taʼsiri yoʻq.

Mazkur farmoyishga koʻra, 2021-yilda chet elliklar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Rossiyada vaqtincha yashash uchun jami 39 325 ta, shu jumladan hududlar kesimida ruxsatnoma berish belgilangan.

Rossiya iqtisodiyotiga xorijiy ishchi kuchini jalb qilish parametrlari esa soha va hududlar kesimida Hukumatning alohida qarori bilan belgilanadi. Masalan, 2020-yil uchun bunday qaror qabul qilingan, 2021-yil uchun xorijiy ishchi kuchini jalb qilish parametrlari hali belgilanmagan.