Rossiyada metastazlar sonini 10 baravar kamaytiradigan dori ishlab chiqildi

    Buyuk Pyotr nomidagi Sankt-Peterburg politexnika universiteti olimlari melanoma metastazlari sonini 10 barobarga kamaytiruvchi dori ishlab chiqdi.

    Bu haqda Sankt-Peterburg politexnika universitetining biologik faol moddalarning nano- va mikrokapsulyatsiyasi laboratoriyasi rahbari Aleksandr Timin “gazeta.ru”ga bergan intervyusida aytib o'tdi.

    Mutaxassisning so'zlariga ko'ra, olimlar tiyenopirimidinlar asosida o'smaga qarshi yangi birikmalar yaratishga muvaffaq bo'lgan. Uning tushuntirishicha, ilgari paklitaksel bilan birikmalar onkologiyaga qarshi preparatlar yaratish uchun ishlatilgan, ammo yangi ishlanma kasallikni davolashda samaradorlikni oshirishi mumkin.

    Ayni damda dori vositasi hayvonlar a'zolarida sinovdan o'tkazildi. Sankt-Peterburg politexnika universitetida xabar qilinganidek, yangi ishlanma o'pkada melanoma metastazlari sonini 10 baravar kamaytirdi, paklitakselga asoslangan dori vositalari esa ularning sonini atigi to'rt baravar kamaytirdi. Bundan tashqari, gistologik tahlil dori vositasini qo'llashdan keyin organlarda patologik o'zgarishlarni aniqlamadi, deb xabar beradi aif.ru.

    Olimning qayd etishicha, ayni damda melanoma boshqa organlarga tarqalish qobiliyati tufayli teri saratonining eng xavfli shakli hisoblanadi.