Rossiyada oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ona va uning uch nafar farzandi O‘zbekistonga qaytarildi

    Xalqaro hamkorlik 19 May 2025 498

    O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari ko‘magida Rossiyaning Surgut shahrida oilaviy zo‘ravonlik qurboniga aylangan hamyurtlarimiz O‘zbekistonga qaytarildi.

    Bosh konsulxonadan olingan ma’lumotga ko‘ra, joriy yil 15 may kuni Bosh konsulxonaga I.M. turmush o‘rtog‘i Q.M. tomonidan kuchli bosim va tahqirlarga uchraganligi sababli doimiy yashash manziliga yuborishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.

    Mazkur oila 2024 yil may oyida voyaga yetmagan ikki nafar farzand bilan birga Rossiyaning Surgut shahriga kelgan. Mazkur oilaning uchinchi farzandi ushbu shaharda tug‘ilgan.

    Jabrlanuvchining turmush o‘rtog‘i Rossiya hududida qonuniy bo‘lishi uchun lozim bo‘lgan hujjatlarni rasmiylashtirmagan holda turli joylarda ishlagan. Oiladagi yetishmovchiliklar, tayinli ish joyi va daromadning yo‘qligi sababli mazkur oilada kelishmovchiliklar yuzaga chiqadi. Kunora bo‘layotgan janjaldan toqati toq bo‘lgan ona bolalarini olib O‘zbekistonga qaytishga qaror qiladi. Bundan xabar topgan ota ularning pasportlarini olib qo‘yadi.

    Diplomatlar mazkur oilada bo‘lib Q.M.dan turmush o‘rtog‘i va farzandlarining hujjatlarini olib berdilar va ularni Yekaterinburg shahriga olib keldilar. Shuningdek, I.M.ning Rossiyada tug‘ilgan uchinchi farzandiga Vatanga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirildi.

    I.M. va uning 3 nafar farzandiga 19 may kungi "Yekaterinburg-Namangan" aviayo‘nalishidagi samolyotga aviachipta xarid qilindi va yurtimizga kuzatib qo‘yildi.