Maʼlumotlarga koʻra, Rossiya Federatsiyasi hududida boʻlib turgan, xususan, vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xorijiy davlatlar fuqarolari oʻrtasida yoki ular ishtirokida ommaviy nizoli vaziyatlar soni oshgan. Amur, Moskva va Sverdlovsk viloyatlari, Dogʻiston Respublikasi, Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida ommaviy mushtlashuvlar yuz berib, ushbu hodisalar paytida odamlarning hayoti va sogʻligʻiga tahdidlar paydo boʻlgan, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga qarshi kuch ishlatilgan va transport vositalari harakati toʻsib qoʻyilgan.
Ommaviy mushtlashuvlarda ishtirok etgan xorijiy davlat fuqarosiga qanday chora koʻriladi?
Yuqoridagi ommaviy mushtlashuvlarda ishtiroki sabab hibsga olingan xorijiy davlat fuqarolari 15 kunga qamalgan va ularning Rossiya Federatsiyasi hududiga kirishiga taqiq qoʻyilgan. Agar ushbu fuqarolar 15 kunlik jazo muddatini oʻtagach, mamlakat hududidan mustaqil ravishda chiqib ketmasa, ular majburan chiqarib yuboriladi.
Shuningdek, bu kabi huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etgan chet el fuqarolari Rossiya Federatsiyasi qonunlariga asosan, boshqa koʻrinishda javobgarlikka tortilishga sabab boʻlishi ham mumkin.
Soʻnggi yillarda chet elliklar orasida boʻlib oʻtgan eng yirik ommaviy janjallardan biri joriy yilning 12-iyuldan 13-iyulga oʻtar kechasi Moskva shahridagi “Kuzminki” metro bekati yonida yuz bergan. Unda 200 nafarga yaqin fuqarolar qatnashgan, ulardan 45 nafari 15 kunga hibsga olingan. Vakolatli organlar tomonidan mojaroning 103 nafar ishtirokchisini deportatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.
Huquqni muhofaza qilish organlari maʼlumotlariga koʻra, ushbu ommaviy mushtlashuvda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etmagan.