Bu haqda “Dunyo” AA xabar qilmoqda.
Rossiyaning Saxa Respublikasi (Yoqutiston)da mehnat faoliyatini yuritayotgan yurtdoshimiz jinoiy javobgarlikka tortiladi. U oʻta yirik miqdordagi giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga aloqadorligi uchun Yoqutiston shahar sudi tomonidan 9-yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Uning farzandi hibsxonada tugʻilgan. Qizaloq tugʻilgandan soʻng Respublika oilaviy tarbiyaga koʻmaklashish markaziga topshirilgan.
Mahkuma ayolning onasi bolani olib ketish uchun Saxa Respublikasiga kelgan va Oʻzbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasiga yordam soʻrab murojaat qilgan. Bosh konsulxona tomonidan Rossiya Tashqi aloqalar va xalqlar ishlari vazirligi Yoqutiston okrugi maʼmuriyatining Vasiylik va homiylik departamentiga aloqaga chiqildi. Departament bilan bolani buvisiga berish boʻyicha muloqot amalga oshirildi. Qizchani buvisiga qaytarish boʻyicha bola huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro konvensiyalar asosida tegishli hujjatlar tayyorlandi.
Shundan soʻng, Bosh konsulxona tomonidan bolani Oʻzbekistonga qaytarish uchun maxsus sertifikat rasmiylashtirildi. Rossiya hukumati koʻmagida qizcha belgilangan tartibda buvisiga topshirildi.
Yoqutistondagi oʻzbek diasporasi faollari koʻmagida buvi va nabiraga Yoqutiston–Novosibirsk–Toshkent yoʻnalishi boʻyicha aviachiptalar xarid qilinib, eson-omon Vatanga qaytarildi.