“Rossiyada Oʻzbekiston turizm yili”: Vladivostokda “Road show” sayyohlik tadbiri boʻlib oʻtdi

    Turizm 6 Avgust 2024 205

    “Rossiyada Oʻzbekiston turizm yili” doirasida, hamda, mamlakatimizning turizm salohiyatini targʻib qilish va sayyohlik oqimini oshirish maqsadida Vladivostokda “Road show” tashkil etildi.

    Turizm qoʻmitasi tashabbusi va Oʻzbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi hamkorligida oʻtkazilgan “Road show”da Turizm qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Jamshid Abdusalamov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.

    “Bizning Qoʻmitamiz bu yil rossiyalik sayyohlar sonini 1 million kishiga yetkazish maqsadini qoʻydi. Buning uchun tegishli infratuzilmalar va turli aviaqatnovlar yaratiladi. Hozirda Rossiya shaharlari oʻrtasida haftada 300 ga yaqin reys mavjudligini aytib oʻtmoqchiman. Ikki mamlakat fuqarolari orasida qiziqish bor va menimcha, biz Primorsk oʻlkasi rahbariyati bilan birga turizm kompaniyalari va tadbirkorlarga zarur yordam koʻrsatamiz, ularning kelishishiga, hamkorlikda rivojlanishiga va olgʻa intilishiga yordam beramiz”, — dedi Jamshid Abdusalomov.

    Tadbirda Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati taqdimotlari boʻlib oʻtdi. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, yangi sayyohlik yoʻnalishlari haqida maʼlumot berildi.

    B2B va B2G formatidagi uchrashuvlar Oʻzbekiston va Rossiya turizm sohasi vakillari uchun tajriba almashish va yangi ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatish uchun tashkil etildi, natijada ikki tomonlama kelishuvlarga erishildi.

    “Road show”ga taklif etilgan ishtirokchilar uchun oʻzbek gastronomik turizmining taqdimoti, shuningdek, milliy cholgʻu ansambli ishtirokida konsert dasturi tashkil etildi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.