Uchrashuvda Rossiya Federatsiyasi hududidagi oʻzbekistonlik mehnat migrantlarining holati, xususan, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining amal qilish muddati uzaytirilishi rejalashtirilayotgan 2020-yil 18-apreldagi “Rossiya Federatsiyasidagi xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holatini yangi koronavirus infeksiyasi keng tarqalishi xavfi munosabati bilan tartibga solish boʻyicha vaqtinchalik chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 274-sonli farmoniga alohida urgʻu berildi.
Rossiya tomonining maʼlum qilishicha, ushbu farmonga muvofiq, Rossiya Federatsiyasi hududida nolegal boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari roʻyxatdan oʻtish va ruxsat beruvchi boshqa hujjatlarning amal qilish muddati tugashidan (15-martgacha yoki undan keyin) qatʼi nazar yashash manzili boʻyicha Rossiya Federatsiyasi IIV organlariga murojaat qilib, 2020-yilning 15-dekabriga qadar mamlakatda boʻlishni qonuniylashtirishi mumkin.
Fuqarolarga nisbatan maʼmuriy chiqarib yuborish, deportatsiya qilish, ilgari berilgan vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma, yashash uchun ruxsatnoma, ishlash uchun ruxsatnoma va patentni bekor qilish, shuningdek Rossiyaga kirishni taqiqlash kabi choralar qoʻllanilmaydi.
Shu munosabat bilan, Rossiya hududida nolegal holatda boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini berilgan huquqlardan foydalanib, mamlakatda boʻlishini qonuniylashtirishga chaqiramiz.