Guvohnomani Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasi konsullik boʻlimi, shuningdek, mamlakatning Vladivostok, Yekaterinburg, Qozon, Novosibirsk, Rostov-na-Don va Sankt-Peterburgdagi bosh konsulliklarida almashtirish mumkin.
Hujjatlar Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 2-noyabrdagi “Rossiya Federatsiyasida boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga yangi turdagi milliy haydovchilik guvohnomalarini berishda qulayliklar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 667-son qaroriga muvofiq qabul qilinadi.
Oʻzbekiston elchixonasi maʼlumotlariga koʻra, xohlovchilar xorijga chiqish uchun biometrik pasportning asl nusxasi yoki fuqaroning biometrik pasporti (ID karta), milliy haydovchilik guvohnomasining asl nusxasi va milliy haydovchilik guvohnomasi uchun kuponning asl nusxasi bilan elchixonaning konsullik boʻlimiga, shuningdek, yuqorida koʻrsatilgan shaharlardagi bosh konsulliklarga murojaat qilishlari mumkin.
Qoʻshimcha maʼlumot olish uchun elchixona konsullik boʻlimining aloqalar markaziga quyidagi raqamlar orqali murojaat qilish mumkin: +7-499 230-00-76, +7-499 238-36-20, shuningdek, savollarni telegramm kanalga yuborish mumkin @UzKoRusFAQ.
Eslatib oʻtamiz, eski haydovchilik guvohnomalari quyidagi muddatlarda yangisiga majburiy almashtiriladi:
- 2010-yilgacha berilganlari – 2022-yil 31-martgacha;
- 2010 – 2012-yillarda berilganlari – 2022-yil 30-iyungacha;
- 2013 – 2015-yillarda berilganlari – 2022-yil sentyabrgacha;
- 2015-yildan keyin berilganlari – 2022-yil 31-dekabrgacha.
Yuqoridagi muddatlargacha almashtirilmagan guvohnomalar haqiqiy emas deb hisoblanadi.