Mamlakatimizning Moskva shahridagi bosh konsuli Valijon Niyozxoʻjayev Rossiya oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talaba-yoshlar uyushmalari vakillari bilan uchrashdi.

“Tafakkur”, “Oʻzbekistonlik talabalar Moskvada” va “Qalqon” talabalar byurosi” uyushmalari vakillari ishtirok etgan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlar siyosati sohasida qator ustuvor vazifalar belgilangani taʼkidlandi. Chet elda oʻqiyotgan yoki mehnat qilayotgan yoshlar bilan ishlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, zamonaviy jamiyatda oʻz oʻrnini topishga koʻmaklashish shular jumlasidandir.

Uchrashuv ishtirokchilariga xorijda boʻlib turgan paytdagi huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Bundan tashqari, joriy yil mamlakatimizda yirik siyosiy voqea — Oʻzbekiston Prezidenti saylovi oʻtkazilishi kutilayotganiga oid axborot yoshlarga yetkazildi.

Rossiya oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan, pandemiya bilan bogʻliq vaziyat sababli Vatanga qaytgan talabalarning Rossiya hududiga kirishini tashkil etish masalasi Oʻzbekiston Jahon yoshlar assotsiatsiyasi vakillari tomonidan Rossiya Xalqlar doʻstligi universitetining MDH va Boltiqboʻyi boʻlimi bilan hamkorlikda koʻrib chiqilayotgani maʼlum qilindi.

Yoshlar birlashmalari vakillari chet elda oʻqish niyatida boʻlgan oʻzbek yoshlari uchun uslubiy qoʻllanmalar tayyorlash, huquqiy maslahatlar berish, shuningdek, malakali vatandoshlarni Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan davlat ahamiyatidagi loyihalarga jalb qilishni rejalashtiryapti, deb xabar beradi “Dunyo” AA.