O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari Rossiyaning Novosibirsk viloyati inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) yelena Zernyaeva bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Suhbat davomda Bosh konsulxona va Ombudsman o‘rtasida Novosibirsk viloyatida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish hamda o‘qish maqsadida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish masalalar xususida fikr almashildi.
Mamlakatimizda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Shuningdek, Novosibirsk shahridagi salohiyatli ish beruvchilar bilan O‘zbekiston fuqarolarini uyushgan holda ishga joylashtirish borasidagi kelishuvlar xususida to‘xtalib o‘tildi.
Muloqot chog‘ida mamlakatimiz fuqarolari so‘nggi paytlarda duch kelayotgan muammolar ham qayd etildi. Xususan, baxtsiz hodisaga uchragan, og‘ir kasallikka chalingan mehnat migrantlariga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish, tibbiy sug‘urtalash xizmatlarini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida vatandoshlarimiz manfaatlarini birgalikda himoya qilish maqsadida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va istiqboldagi tadbirlar rejasi kelishib olindi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.