Rossiyadagi vatandoshlarimiz Senat Raisiga tashabbus bilan chiqdi

    Uchrashuv ochiq muloqot ruhida o'tdi. Ishtirokchilar O'zbekiston parlamenti yuqori palatasining rahbaridan o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

    Shu kunlarda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbayeva boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasida bo'lib turibdi. O'zbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbarining tashrifi Rossiya Federatsiyasida yashayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashuvdan boshlandi, deb xabar bermoqda Oliy Majlis Senati axborot xizmati.

    Uchrashuvda O'zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi B.Asadov, bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o'rinbosari E.Muxitdinov, Rossiya Federatsiyasi poytaxtida yashayotgan vatandoshlarimiz, shuningdek, onlayn-rejimda Rossiyaning deyarli barcha hududlaridagi diasporalar rahbarlari ishtirok etdi. Unda so'zga chiqqanlar Rossiyadagi vatandoshlarimizga yordam ko'rsatilgani uchun O'zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik izhor qilib, Rossiyada o'zbek madaniyati va milliy qadriyatlarini targ'ib qilishga, ikki mamlakat xalqlari o'rtasida “ko'prik” vazifasini o'tashga tayyorligini bildirdi.

    Rossiyadagi fuqarolarimizni qo'llab-quvvatlash bo'yicha bir necha yil oldin boshlangan islohotlar samarali bo'lgani, murakkab vaziyatga tushib qolgan fuqarolarimizga manzilli yordam ko'rsatilayotgani, mehnat migrantlari uchun ham ijtimoiy kafolatlarning yangi mexanizmlari yaratilgani, shuningdek, fuqarolarimizning mehnat huquqlarini ta'minlashga qaratilgan hukumatlararo kelishuvlar Rossiya tomonidan ham bajarila boshlangani ta'kidlandi.

    Bugungi kunda ikki mamlakatning tegishli idoralari ko'magida Rossiyada o'zbek xalqining boy tarixiy va madaniy merosi hamda ezgu an'analarini ommalashtirishga qaratilgan turli tadbirlar muntazam o'tkazib kelinmoqda. Uchrashuv davomida Moskvada vatandoshlarimiz tomonidan tashkil etilgan “Dugonalar” klubi O'zbekiston Respublikasining Moskvadagi elchixonasi huzurida Xotin-qizlar jamoat kengashini tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi.

    Uchrashuv ochiq muloqot ruhida o'tdi. Unda har bir ishtirokchi migratsiya qonunchiligini maqbullashtirish, ro'yxatdan o'tish tartibini soddalashtirish, mehnat faoliyati bilan shug'ullanish uchun patent olish, mamlakatlar o'rtasidagi transport aloqalarini to'liq tiklash va boshqa masalalar xususida o'z fikr va takliflari bilan o'rtoqlashdi. O'zbekiston parlamenti yuqori palatasining rahbaridan o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.