Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning topshiriqlariga asosan Hukumat farmoyishi bilan Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi oʻrinbosari boshchiligida tashkil etilgan ishchi guruh kecha, 12-yanvar kuni Penza viloyatiga yetib borib, Rossiya Federatsiyasining masʼul idoralari rahbarlari bilan uchrashdi va hamkorlik asosida tashkiliy va amaliy harakatlar olib borildi. Shundan soʻng maxsus bort Rossiya Federatsiyasidan uchib, 13-yanvar kuni soat 06:50 larda Xorazm viloyatidagi “Urganch” xalqaro aeroportga kelib qoʻndi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, Rossiya Federatsiyasi masʼullari yuzaga kelgan mazkur baxtsiz hodisa oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, jarohatlanganlarga tez tibbiy yordam koʻrsatishda yaqindan koʻmak berishdi.

Jarohatlangan fuqarolarning 1 nafari 12-yanvar kuni tonggi vaqtda Penza shahridagi shifoxonada shifokorlarning muolajalariga qaramasdan vafot etgan.

Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Sogʻliqni saqlash va Transport vazirliklari hamkorligida 8 nafar vafot etgan fuqarolarning jasadlari yashash manzillariga yuborildi. Hozirda mahalliy hokimliklar tomonidan dafn marosimlarini oʻtkazish yuzasidan tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Jarohatlangan yana 1 nafar fuqaro Penza shahridagi kasalxonada, davolanish ishlari yakuniga yetgandan soʻng Oʻzbekiston Respublikasiga qaytariladi. Hozirgi vaqtda kasalxonaga joylashtirilgan fuqaro shifokorlarning qatʼiy nazoratiga olinib, tegishli muolajalar oʻtkazilmoqda.