Bu haqda Rossiya Federatsiyasi isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish federal xizmati (“Rospotrebnadzor”) matbuot xizmati xabar berdi.
Shu yilning 26-avgust kuni Rossiya bosh davlat sanitariya vrachi Anna Popova raisligida YEOII davlatlari aholisining sanitariya-epidemiologiya farovonligi sohasidagi vakolatli organlar rahbarlari kengashining navbatdan tashqari yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda Armaniston, Belarus, Qozogʻiston va Qirgʻiziston bosh davlat sanitariya shifokorlari ishtirok etgan. Shuningdek, Tojikiston va Oʻzbekistonning sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi sohasidagi vakolatli organlari rahbarlari ishtirok etish uchun taklif etilgan.
Yigʻilishda maymunchechak kasalligi boʻyicha Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining xalqaro ahamiyatga molik favqulodda holat eʼlon qilinishi bilan bogʻliq vaziyat muhokama etilgan. Kengash aʼzolarining fikricha, YEOII davlatlari, shuningdek, Tojikiston va Oʻzbekistonda maymunchechakning tarqalish xavfi past deb baholanmoqda.
Ishtirokchilar epidemiyaga qarshi koʻrilayotgan chora-tadbirlarni muhokama qilgan. Taʼkidlanishicha, Yevroosiyo mintaqasining barcha mamlakatlari chegarada sanitariya va karantin nazorati choralarini kuchaytiradi.
Qayd qilinishicha, hamkorlar Rossiyadan maymunchechakni aniqlash uchun test tizimlarini taqdim etishni soʻragan. Test tizimlarining dastlabki toʻplamlari shu hafta Oʻzbekistonga yetkazilishi taʼkidlanmoqda.