Rossiyadan ota-ona qarovisiz qolgan 15 nafar bola Vatanga qaytarildi

    Oʻz oilalariga qaytarilishiga qadar bolalarning 10 nafari Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy huquqiy yordam koʻrsatish markaziga, qolgan 5 nafari esa vaqtinchalik Toshkent shahridagi Bolalar uyiga joylashtirildi.

    Shu yilning 4-dekabr kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar, Sogʻliqni saqlash vazirligi xodimlari bilan hamkorlikda Rossiya Federatsiyasining 6 ta hududidagi 10 nafar bolani vatanga qaytarish boʻyicha ishlar boshlangan edi.

    Oʻrganishlar jarayonida Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar va Tashqi ishlar vazirligi konsullik muassasalari koʻmagida yana 5 nafar bola ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgani aniqlandi.

    Shu yilning 15-dekabr kuni tongda jami 15 nafar bolalar Oʻzbekistonga qaytarildi.

    Oʻz oilalariga qaytarilishiga qadar bolalarning 10 nafari Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy huquqiy yordam koʻrsatish markaziga, qolgan 5 nafari esa vaqtinchalik Toshkent shahridagi Bolalar uyiga joylashtirildi.

    Ijtimoiy himoya milliy agentligi tarkibidagi “Inson” markazlari xodimlari va mahalladagi ijtimoiy xodimlar faol ish olib borib, bolalarni qabul qilish uchun ularning oilalarini har tomonlama tayyorlashda ishtirok etishdi.

    Bolalar qaytarilgach, mutasaddi xodimlar ularning oilaviy muhiti va bolaning holatini muntazam monitoring qiladi va zaruriyat tugʻilganda ijtimoiy xizmatlar biriktiradi.