Mamlakatimizning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasiga Sverdlovsk shahridagi 1-shahar bolalar klinikasi vakillari Oʻzbekiston fuqarosi X.S. oʻz bolasini tashlab qochib ketgani xususida murojaat qilgan.
Maʼlum boʻlishicha, ona avvalroq shifokorlarga juda zaif tugʻilgan va maxsus vakuumga joylashtirilgan chaqalogʻidan voz kechishini aytgan. Oradan 3 kun oʻtganidan soʻng u goʻdagini tashlab, oʻzi shifoxonadan chiqib ketgan.
Diplomatlar vatandoshni topib, u bilan bolani vatanga qaytarish zarurligi haqida profilaktik suhbat oʻtkazdi. Ular bolani roʻyxatdan oʻtkazishdi, ona va chaqaloqqa barcha zarur hujjatlarni bepul rasmiylashtirdi. Rossiyaning ushbu mintaqasida tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgan vatandoshlar koʻmagida klinika tibbiy xizmatlari toʻlovi hal qilindi.
Oʻzbekiston Migratsiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ona va bolaga “Yekaterinburg-Toshkent” yoʻnalishi boʻyicha chiptalar xarid qilinib, mamlakatimizga qaytishi uchun reysga kuzatildi.