Rossiyaga kirib borgan Oʻzbekiston fuqarolarini bir qator qulayliklar kutyapti

    Dolzarb 29 Oktabr 2021 817

    Oʻzbekiston fuqarolari Rossiya Federatsiyasi hududiga kirganidan 15 kun ichida roʻyxatdan oʻtishdan ozod etilishi mumkin.

    Rossiya Ichki ishlar vazirligi Rossiya bila Oʻzbekiston oʻrtasidagi kelishuvni tasdiqlanishi haqidagi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Mazkur hujjatga muvofiq ikki mamlakat fuqarolarining boshqa mamlakat hududiga kirib kelgandan boshlab 15 kun ichida roʻyxatdan oʻtishdan ozod etilishi koʻzda tutilgan. Bu normativ hujjatlar loyihalarining federal portalida chop etilgan hujjatga ilova qilingan tushuntirish xatidan olingan, deb xabar beradi TASS.

    Rossiya fuqarolarining Oʻzbekistonga va Oʻzbekiston fuqarolarining Rossiyaga kelish tartibi haqidagi bitim ikki mamlakat Hukumatlari tomonidan 21-mayda Moskvada va 17-iyunda Toshkent shahrida imzolangan edi.

    “Bir davlat fuqarolarining ikkinchi davlat hududida boʻlishida qulaylik yaratish maqsadida mazkur bitimda bir davlat fuqarolarining ikkinchi davlat hududida vaqtincha boʻlib turgan paytida qabul qiluvchi davlatning vakolatli organlarida kirib kelgan kundan boshlab 15 kun ichida roʻyxatdan oʻtish (yashab turgan joyida hisobga qoʻyish) majburiyatidan ozod etilishi koʻzda tutilgan”, — deyiladi tushuntirish xatida.

    Hozirgi paytda mazkur tartib Belarus, Tojikiston, Armaniston va Qirgʻiziston fuqarolariga nisbatan qoʻllanilyapti. Bitimning amalga oshirilishi Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarning rivojlanishiga xizmat qiladi, deb taʼkidlanadi hujjatda.