Rossiyalik ijodkorlar Toshkentdagi xalqaro kitob festivalini yuqori baholashdi

    Tadbir doirasida rossiyalik yozuvchilarning asarlari taqdimotlari bo'lib o'tdi.

    Toshkent shahridagi “Oʻzekspomarkaz”da tashkil etilgan “Tashkent Book Fest - 2022” III xalqaro kitob yarmarkasida rossiyalik ijodkorlar ham ishtirok etishdi.

    “Tadbir yuksak saviyada oʻtmoqda. Men Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlardan taniqli ijodkorlari va zamonaviy nashriyotlarni koʻrdim. Ishonamanki, mutolaa madaniyatiga boʻlayotgan eʼtibor yanada ortadi”, - dedi Rossiya Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, yozuvchi Aleksey Gatapov.

    Yarmarkada Rossiyaning “Ayar” nashriyotining “Yakutiya” hamda “Ispoved ischeznuvshix” kitoblarining taqdimotlari ham boʻlib oʻtdi.

    Shuningdek, boshqa xorijiy nashriyotlarning yangi kitoblari, bestsellerlar, bolalar uchun kitoblar, oʻquv qoʻllanmalari, tarjima asarlar va broshyuralarning ham taqdimotlari boʻlib, ular yarmarkada imtiyozli ravishda sotuvga qoʻyilgan.