Rossiyalik kardio-jarroh Sirdaryoda mahorat darsini oʻtadi

    Salomatlik 17 Aprel 2021 1470

    Rossiyalik mutaxassis Sirdaryoda yurak qon-tomir kasalliklarini davolash, tashxislash va murakkab jarrohlik amaliyotini oʻtkazish boʻyicha mahorat darsini oʻtadi.

    Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy markazi Sirdaryo viloyat kardiologiya dispanseriga Bakulev nomidagi yurak qon-tomirlar jarrohligi markazi Endovaskulyar xirurgiya boʻlimi mudiri, tibbiyot fanlari doktori Karen Petrosyan keldi.

    Rossiyalik, tajribali endovaskulyar xirurg, tibbiyot fanlari doktori Sirdaryoda yangitdan ish boshlagan rentgen endovaskulyar xirurgiya boʻlimi va boshqa boʻlim imkoniyatlarini oʻrgandi. Mutaxassislar bilan suhbatlashib, yurak koronar qon- tomirlari bilan bogʻliq, oʻtkazilgan murakkab jarrohlik amaliyoti natijalari bilan tanishdi. Oʻz fikr, mulohazalarini aytdi. Shundan soʻng, Petrosyan Karen shogirdi Xurshid Xakimov, shu boʻlim jarrohi Begzod Mardonov, jarroh Oʻtkir Shodiyev hamrohligida 5 nafar bemorda murakkab jarrohlik amaliyotini oʻtkazdi. Yondosh kasallik xavfi, yurak ishemiya, zoʻriqish, stenokardiya, gipertoniya va boshqa kasallik xavfi bilan kelgan bir nafar bemorning yurak old tushuvchi arteriyasiga stend, yana bir bemorning oʻng uyqu arteriyasiga stend, yana bir bemorni oʻng koronar qon-tomiriga stend, yana bir bemorning oʻng yonbosh arteriyasiga stend, yana bir bemorni koronar qon tomiriga stend qoʻyish amaliyotini muvaffaqiyatli oʻtkazdi.

    Mazkur jarrohlik amaliyotidan soʻng, Sirdaryo viloyatida faoliyat olib borayotgan kardiolog, terapevt va dispanser xodimlari uchun oʻquv-amaliy seminar tashkil etildi. Rossiyalik tibbiyot fanlari doktori Petrosyan Karen hamda markaz direktori, tibbiyot fanlar nomzodi Xurshid Fozilov kardiologiya, kardiologiya sohasi istiqbollari, yurak qon-tomirlarda kechayotgan oʻzgarishlar, kasalliklar, ularni oʻrganish va tashxislash, qanday holatlarda murakkab jarrohlik amaliyotlari oʻtkazilishi, jarrohlik amaliyotini oʻtkazishda nimalarga ahamiyat berish kerakligi toʻgʻrisida oʻquv- amaliy seminarda seminar ishtirokchilariga tushuncha va maʼlumotlar berdi. Oʻquv-amaliy seminar savol javoblarga boy boʻldi.

    Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi, tibbiyot fanlar doktori Rustam Yuldashev Rossiyadagi Bakulev nomidagi yurak qon-tomirlar jarrohligi markazi endovaskulyar xirurgiya boʻlimi xodimlari bilan doimiy hamkorlik qilib borish toʻgʻrisida memorandum imzoladi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.