Rossiyalik kardiolog Sirdaryoda murakkab jarrohlik amaliyotini bajardi

    Salomatlik 31 Oktabr 2021 1523

    Kuni kecha Respublika ixtisoslashgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo filialiga Rossiyadagi Bakulev nomidagi yurak qon-tomir jarrohlik markazi xirurgiya boʻlimi ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi Andrey Abrosimov tashrif buyurdi.

    F. Toshmatov rasmi

    Ikki kun mobaynida Sirdaryolik kardiologlar bilan hamkorlikda tajriba almashdi.10 dan ortiq bemorda murakkab jarrohlik amaliyotini oʻtkazdi.

    -Bunday murakkab amaliyotlarni oʻtkazishda hamkorlik aloqalari kutilgandanda yaxshi natija beryapti, — deydi Respublika ixtisoslashgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filiali Endovaskulyar xirurgiya boʻlimi mudiri Xurshid Hakimov. — Buning uchun bizda yetarlicha shart-sharoit, eng soʻngi rusumdagi koronarografiya apparati va jihozlar bor. Sirdaryoga kelgan ustozim, Andrey Abrosimov bilan hamkorlikda ustoz-shogird ananasiga sodiq qolgan holda 10 nafar bemorning koronar qon tomirlarida murakkab stendlash amaliyotini oʻtkazdik.

    — Bitta bemorimiz toʻrt oy muqaddam, miokard infarkt tashxisi bilan boʻlimimizga yotqizilgandi, — deydi Respublika ixtisoslashgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filiali direktori Shuhrat Husanov. — Bitta koronar qon-tomiriga stend qoʻygandik. Lekin bemorni yana ikkita koronar qon tomirida muammo bor edi. Kuni kecha, ushbu bemor qayta, rejali murojaat etdi. Shunga asosan jarrohlik amaliyotini oʻtkazdik. Ikkita muammoli koronar qon tomirlariga stend qoʻydik. Olti oy avval murojaat qilgan 52 yoshli bemorimizga koronografiya tekshirishini oʻtkazgandik. Tashxis aniq boʻldi. Uning koronar qon tomiri 5 yil mobaynida yopiq boʻlib, uni ochish imkoni boʻlmagandi. Rossiyalik mutaxassis yordamida bu ish muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Unga uchta stend qoʻyish amaliyotini oʻtkazdik.

    Bundan tashqari Sirdaryolik kardiologlar, mustaqil ravishda bemorlarni tashxislash va davolash, yondosh kasallik xavfi, yurak ishemiya, zoʻriqish, stenokardiya, gipertoniya va boshqa kasallik xavfi bilan kelgan bemorlarda yurak old tushuvchi arteriyasiga stend uyqu, oyoq, son arteriyasiga stend qoʻyish kabi murakkab jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli oʻtkazishga muvaffaq boʻlyapti.

    Ular yana bitta yangilikka qoʻl urdi. Hamkorlarni maslahatiga tayangan holda, yaqinda Sirdaryoda ilk marotaba yurak tugʻma nuqsoni bor bolalarni endovaskulyar xirurgiya yoʻli bilan davolash hamda oʻtkir miokard infarkti, koronar sindromini oʻtkir davrida stendlash amaliyotini yoʻlga qoʻyadi.

    Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.