“Dunyo” AAning xabar berishicha, Bosh konsulxonadan olingan maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning 1-aprel kuni Oʻzbekiston fuqarosi M.T. Yekaterinburg shahrida vaqtincha yashayotgan qizi va uning bolalarini turmush oʻrtogʻining zulmidan ozod qilish va doimiy yashash manziliga yetib olishiga amaliy yordam berishni soʻrab murojaat qilgan.
Mazkur oila 2024-yil yanvar oyida Yekaterinburg shahriga ishlash maqsadida kelgan. Oiladagi kelishmovchiliklar, doimiy tazyiq va urush janjal ayolga jiddiy ruhiy taʼsir koʻrsatgan.
Bosh konsulxona xodimlari ushbu oila yashayotgan xonadonda boʻlib, mavjud holat bilan yaqindan tanishdi.
Shundan soʻng, ayol va uning bolalari vaqtincha uy-joy bilan taʼminlandi. Hamyurtlarimizning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari yaroqsiz holga kelganligi va moliyaviy qiyin ahvolda qolganligi uchun Vatanga qaytish guvohnomasi hech qanday toʻlovlar undirilmasdan rasmiylashtirildi. Shuningdek,“Yekaterinburg-Samarqand” aviaqatnoviga chipta xarid qilib berildi.
Vatandoshlarimiz 8-aprel kuni Yekaterinburg shahridagi “Kolsovo” xalqaro aeroportidan Samarqand viloyatiga kuzatib qoʻyildi.