баннер
26 Apr 2025
07:20

    Rossiyaning Omsk viloyatida Fargʻona ulgurji taqsimlash logistika markazining birinchi bosqichi ishga tushirildi

    Endilikda Fargʻonada yetishtirilgan sifatli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari toʻgʻridan-toʻgʻri Rossiya isteʼmolchilariga yetkazib beriladi.

    Qayd etilishicha, Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasining Omsk viloyatiga tashrifi doirasida mazkur “Frukt-Siti” ulgurji taqsimlash logistika markazining tantanali ochilish tadbirida ishtirok etdi.

    Shuningdek, unda Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi favqulodda va muxtor elchisi Botirjon Asadov hamda Rossiya Federatsiyasi rasmiylari, oʻzbek tadbirkorlari qatnashdi.

    Oʻzbek biznesmenlari taʼsischiligida 700 million rubl sarflanib qurilgan yangi ulgurji taqsimlash logistika markazi 9 gektar maydonni egallab, zamonaviy infratuzilma asosida barpo etilgan. Mazkur bozor oʻz ichiga 16 ta har biri 380 kvadrat metrdan iborat keng va qulay angarlarni oladi. Bu angarlar meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va qulay sharoitda sotish imkonini beradi.

    Shuningdek, bozor hududida 72 ta savdo doʻkonlari faoliyat yuritadi. Ularda turli xil qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, oziq-ovqat va boshqa isteʼmol tovarlari sotiladi. Markazning yana bir muhim jihati, transport logistikasiga eʼtibor qaratilganidir. 450 ta yuk mashinasi uchun moʻljallangan turargohlar tashkil etilgan boʻlib, bu ulgurji savdo jarayonini uzluksiz va tizimli ravishda tashkil etishga xizmat qiladi. Mazkur turargohlar yuk avtomobillarining erkin harakatlanishi va mahsulotlarni tezkor ravishda tushirish hamda yuklash imkonini beradi.Logistika markazining bir qismida Fargʻona savdo uyi ham ochildi.

    Dastlab viloyat delegatsiyasi mana shu yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdilar.

    Tantanali tadbirda soʻz olganlar mazkur loyiha Oʻzbekiston va Rossiya Prezidentlari tashabbusi bilan amalga oshirilganini taʼkidlab, uning ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdilar.

    Hozirda loyihaning birinchi bosqichi yakunlangani, tez orada ikkinchi va uchinchi bosqichlarining qurilish ishlari amalga oshirilishi maʼlum qilindi.

    — Bugun biz Fargʻona viloyatidan Rossiya bozoriga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini barqaror yetkazib berish imkonini beruvchi muhim logistika markazini ochmoqdamiz. Bu hududlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik, ishonch va strategik sheriklik samarasidir. Fargʻona qishloq xoʻjaligining boy salohiyatiga ega viloyatdir. Tabiiy, yuqori sifatli mahsulotlarimiz isteʼmolchilarga tez va eng yaxshi holatda yetib kelishida mazkur zamonaviy logistikaning oʻrni katta boʻladi, — dedi viloyat rahbari.

    Markazda maxsus savdo doʻkonlari, saqlash omborlari, logistika xizmatlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bu Oʻzbekistondan qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetkazib berish hajmini oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

    Ushbu bozor faoliyati natijasida 800 nafardan ziyod Oʻzbekiston fuqarosi doimiy ish oʻrni bilan taʼminlanishi rejalashtirilgan.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech