Qozon federal universiteti Oʻzbekistondagi 6 ta oliy taʼlim muassasasi bilan mustahkam aloqalar oʻrnatgan. Ular safida Namangan muhandislik-qurilish instituti ham bor.
Mehmonlarni institut rektori Sharifboy Ergashev qabul qildi. Muzokaralar davomida 2020 — 2021 oʻquv yili qabul kvotalari boʻyicha qoʻshimcha shartnomalar imzolash, institut professor-oʻqituvchilarining malakasini oshirish, talabalarga onlayn maʼruza va amaliy mashgʻulotlar olib borishni tashkil etish va boshqa masalalar muhokama etildi.
Naberejniye Chelni instituti direktori, texnika fanlari doktori, professor Mahmud Gʻaniyev institut talabalari uchun maʼruza oʻqib berdi. Maʼruza yakunida talabalar bilan qizgʻin savol-javoblar ham boʻlib oʻtdi.
Institut Qozon Federal universiteti bilan ikki tomonlama shartnomalar imzolagan boʻlib, 2018/2019 oʻquv yilida 3 ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 55 nafar, 2019/2020 oʻquv yilida 4 ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 74 nafar, 2020/2021 oʻquv yili uchun esa 6 ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturi doirasida 64 nafar talaba oʻqishga qabul qilingan.
Safar yakunida hamkor OTM rahbarlari tomonidan 2020 — 2021 oʻquv yilida tanlov asosida qabul qilingan 1-kurs talabalariga talabalik guvohnomalari tantanali ravishda topshirildi, deb xabar beradi Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmati Namangan muhandislik-qurilish instituti maʼlumotiga tayanib.