Rossiyaning Sverdlovsk viloyatida mushkul ahvolda qolgan oila Oʻzbekistonga qaytarildi

    Fargʻona viloyatida tugʻilgan X.R. farzandlari bilan ogʻir moliyaviy ahvolda qolgani sababli amaliy yordam soʻrab murojaat qilgan.

    Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi xodimlari koʻmagida Rossiyaning Sverdlovsk viloyatida mushkul ahvolda qolgan bir oilaning besh nafar aʼzosi Oʻzbekistonga qaytarildi, deb xabar qilmoqda «Dunyo« AA.

    Mamlakatimizning Yekaterinburgdagi Bosh konsulxonasidan olingan maʼlumotlarga koʻra, Fargʻona viloyatida tugʻilgan yurtdoshimiz X.R. farzandlari bilan ogʻir moliyaviy ahvolda qolganligi sababli amaliy yordam soʻrab murojaat qilgan.

    Maʼlum boʻlishicha, X.R. joriy yilning sentyabr oyida turmush oʻrtogʻi va toʻrt nafar voyaga yetmagan farzandlari bilan vaqtincha ishlash maqsadida Sverdlovsk viloyatiga kelgan.

    Oila boquvchisi sifatida uning turmush oʻrtogʻi Sverdlovsk viloyati Beloyarsk tumanida yakka tartibda qurilish firmalarida yollanma ishchi boʻlib ishlagan.

    Sverdlovsk viloyati huquq tartibot idoralari tomonidan oʻtkazilgan reyd tadbiri davomida oila boquvchisi Rossiyada boʻlish qoidasini buzganligi sababli qoʻlga olinadi va unga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtiriladi.

    Oʻrganishlar natijasida R.X.ning turmush oʻrtogʻi vaqtincha ishlagan qurilish firmasida bir oylik ish haqi toʻlanmagani aniqlandi va u ish beruvchidan olib berildi.

    Shuningdek, hamyurtimizga va uning toʻrt nafar voyaga yetmagan farzandlariga «Yekaterinburg-Toshkent« aviareysiga chipta sotib olindi.

    Vatandoshlarimiz 10-dekabr kuni Yekaterinburg shahridagi «Kolsovo« xalqaro aeroportidan Oʻzbekistonga kuzatib qoʻyildi.