Qayd etilishicha, Rossiya Federatsiyasi hududida ayrim holatlarda Oʻzbekiston fuqarolariga nisbatan ruxsatsiz tekshiruvlar, hurmatsizlik va qoʻpol muomalalar kuzatilayotgani toʻgʻrisidagi xabarlar tashvish uygʻotayotganini taʼkidlandi.
Bunday holatlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarga aslo toʻgʻri kelmasligi, ularni oldini olish uchun aniq chora-tadbirlar zarurligiga eʼtibor qaratildi.
Tashqi ishlar vazirligi xabarida Oʻzbekiston xorijda yashayotgan va vaqtincha boʻlib turgan fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishni oʻzining ustuvor vazifasi deb bilishi taʼkidlandi.
Ushbu masala yuzasidan Oʻzbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi tomonidan ham Rossiya tomoni bilan tegishli diplomatik kanallar orqali muloqot olib borilmoqda. Oʻzbekiston tomoni barcha fuqarolarga nisbatan xalqaro huquq va inson huquqlariga rioya qilinishini taʼminlashga chaqiradi. Shu munosabat bilan, Rossiya Federatsiyasining tegishli idoralarini Oʻzbekiston fuqarolariga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻlish, ularning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitmaslikka chaqirib qolamiz, — deyiladi xabarda.
Qoʻshimcha qilinishicha, Moskvadagi holat yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga Elchixonamiz tomonidan nota yuborilib, Rossiya TIVdan ushbu holatga izoh berish hamda inson huquqlari yaqqol buzilganligi aks etganligi, bu esa qabul qilib boʻlmas holatligi taʼkidlanib, kuch ishlatar tashkilot vakillarining harakatlariga huquqiy baho berish soʻralgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ushbu masalani oʻzining doimiy nazoratida ushlab turadi va kerakli hollarda qoʻshimcha choralar koʻrishni davom ettiradi, — deya qoʻshimcha qilinadi xabarda.








