Rossiyaning Uzoq Sharq federal okrugi Oʻzbekiston bilan bir qator sohalarda hamkorlikni kengaytiradi

    Biznes 26 Fevral 2024 610

    Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari Sanoatchilar va tadbirkorlar xalqaro kongressining Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi vakolatxonasi rahbari Yevgeniy Ruseskiy bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Unda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, sanoat va sarmoyaviy kooperatsiya, transport, logistika va gumanitar sohalardagi oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama etildi.

    Bosh konsullik diplomatlari mamlakatimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, “Oʻzbekiston-2030” strategiyasida belgilangan muhim vazifalar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay muhit haqida batafsil aytib oʻtdilar.

    Yevgeniy Ruseskiy oʻz navbatida, Oʻzbekistondagi yangilanish jarayonlarini katta qiziqish bilan kuzatib borayotganini taʼkidladi. U hamkorlikni rivojlantirish va aholini, xususan, Rossiyadagi sanoatchilar, investorlar, tadbirkorlar va tovar ishlab chiqaruvchilarni ushbu ijobiy oʻzgarishlar haqida keng xabardor qilishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

    Rossiyaning Uzoq Sharq federal okrugida sanoat, farmatsevtika, toʻqimachilik va qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga talab yuqoriligi qayd etilgan holda, ushbu sohalarda hamkorlik qilishning muhimligi taʼkidlandi.

    Oʻzbekiston tomoni, shuningdek, 2024-yilda mamlakatimizda oʻtkazilishi rejalashtirilgan xalqaro forum va koʻrgazmalar haqida ham maʼlumot berdi. Shuningdek, joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan “Innoprom. Markaziy Osiyo — 2024” Xalqaro sanoat koʻrgazmasida ishtirok etish taklifi bildirildi.

    Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida oʻzaro muloqotni muntazam davom ettirish toʻgʻrisida kelishib olindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.