Rossiyaning “Vneshekonombank”i energetika sohasini rivojlantirishda Oʻzbekistonning yaqin hamkori boʻlib qoladi

    Energetika 18 Sentabr 2020 426

    17-sentyabrida Rossiya Federatsiyasining– “VEB.RF” Rossiya davlat taraqqiyot korporatsiyasi raisi Igor Shuvalov boshchiligidagi delegatsiyasining Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi doirasida ushbu delegatsiya va Energetika vazirligi oʻrtasida ikki tomonlama muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    – Rossiyaning “Vneshekonombank”i energetika sohasidagi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishda oʻzbek kompaniyalarining muhim hamkori sifatida yaxshi tanilgan, – dedi Energetika vaziri Alisher Sultanov. – Xususan, gidroenergetika sohasida hozirgi paytda Rossiyaning “Vneshekonombank”i bilan hamkorlikda umumiy qiymati 297,5 million yevro boʻlgan 5 ta loyiha amalga oshirilyapti. Shundan “VEB.RF”ning ulushi 146,5 million yevroni tashkil etadi. Ushbu loyihalar orasida – “Toʻpolong GESni modernizatsiya qilish”, “Quyi Chotqol GES qurilishi”, “Farhod GES modernizatsiyasi” UKni modernizatsiya qilish” va boshqa loyihalar mavjud.

    Shuningdek, “Vneshekonombank”ning 129,0 million dollar krediti koʻmagida “Silovыye mashinы” OAJ (Rossiya) tomonidan “kaliti bilan” topshirish sharti asosida Sirdaryo IES energobloklarini modernizatsiya qilish ishlari amalga oshirilyapti (loyihaning umumiy qiymati 177,1 million dollarov).

    “VEB.RF” rahbari I.Shuvalov Oʻzbekiston tomoni bilan hamkorlikning samaradorligini hamda “Vneshekonombank”ning Oʻzbekiston yoqilgʻi-energetika kompleksi sohasidagi ishbilarmonlik sherikligini yana-da rivojlantirishning ahamiyatini taʼkidladi.

    Muzokaralar davomida tomonlar yoqilgʻi-energetika kompleksining turli yoʻnalishlaridagi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha istiqbolli loyihalarni muhokama qildilar, shuningdek, neft-gaz kimyosi sohasidagi istiqbolli loyihalarni taqdim etdilar.

    Gidroenergetika sohasida mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish boʻyicha umumiy qiymati 78,4 million yevroga teng yangi sohalar shular jumlasidan. Ayni paytda Chirchiq, Qodiriya, Oʻrta Chirchiq va Toshkent gidroelektr stansiyalari kaskadini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.

    Shuningdek, “Uglevodorod xomashyosini qazib olishni koʻpaytirish boʻyicha dastur”ni amalga oshirish uchun moliyalashni jalb qilish muhokama qilindi. Loyihaning buyurtmachilari – “Oʻzbekneftgaz” AJ va SP OOO “Natural Gas-Stream” MCHJ QK hisoblanadi.

    Hamkorlikning yana bir istiqbolli yoʻnalishi – “Oʻzbekiston Respublikasida tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini (ASKUG) joriy qilish” loyihasi hisoblanadi.

    Muhokama yakunlariga koʻra bildirilgan takliflarni ekspertlar darajasida koʻrib chiqish, shuningdek hamkorlikni kengaytirish boʻyicha yangi imkoniyatlar yuzasidan axborot almashish haqida kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.