Rostov viloyatida vafot etgani Oʻzbekiston fuqarosi toʻgʻrisida maʼlumot berildi

    Tashvishli xabar 25 Sentabr 2020 541

    Internet tarmogʻida Rossiyaning Rostov viloyati Kamensk-Shaxtinskiy shahridagi palatkali lagerda vatandoshimizning vafot etgani toʻgʻrisida xabar tarqalgan.

    TIV Konsullik-huquqiy departamenti shuni maʼlum qiladiki, 2020-yil 19-sentyabrda hamyurtlarimizni maxsus poyezdga chiqarish chogʻida yoʻlovchilardan biri –33 yashar Oʻzbekiston fuqarosi «Lixaya» stansiyasi old tomonidagi maydonda oʻzini yomon his qila boshlagan va u tez tibbiy yordam yetib kelgunicha vafot etgan.

    Mamlakatimizning Rostov-Don shahridagi Bosh konsulxonasi bergan maʼlumotga koʻra, bu vatandoshimiz palatkali lagerda yashamagan. Sankt-Peterburg shahridan yetib kelgach. U sogʻligi yomonlashgani sababli 14-sentyabrda Shaxti shahri Markaziy shahar shifoxonasiga yotqizilgan va shu yerdan «Lixaya» stansiyasiga olib borilgan.

    Fuqaroning koronavirus bilan kasallanganligi tasdiqlanmagan.

    Tashkiliy va konsullik-huquqiy masalalar hal qilinganidan keyin marhumning jasadi charter reys orqali Vatanga yuborildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.