Bu borada izlanishlar esa oʻz natijasini  bera boshladi. Ulardan biri IX asrda Abu Usmon Amr ibn Bahr Johiz tomonidan arab tilida yozilgan “Turklarning fazilatlari” asarining ilmiy muomalaga kiritilishi boʻldi.

Arab tili va adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Abu Usmon Amr ibn Bahr Johiz taxminan 777-yili Basrada tugʻilgan va 869-yili shu shaharda olamdan oʻtgan.

Oʻz davrining yetuk allomalaridan biri boʻlmish Johizning 370 ga yaqin kitobidan yigirma beshtasi toʻliq holatda, oltmish beshtasining esa muayyan qismlari bizgacha yetib kelgan. Ular orasida “Turklarning fazilatlari” asari ham bor. U arab tilidagi eng qadimgi manbalardan biri hisoblanadi.

Asar xalifa Muʼtasim davrida yaratilgani bejiz emas. U turonliklarga qattiq ishongan. Birinchidan, uning onasi, demak, Xorun Rashidning xotini Morida turonlik turk qizlaridan edi. Ikkinchidan, uning qoʻshini asosan bir necha ming turkiy askardan tashkil topgan va eng ishonchli sarkardasi Abu Jaʼfar Ashinas turk edi. Turk xoqonligi asoschilari — ashinaliylar urugʻidan boʻlgan bu harbiy arbob xalifalik hayotida oʻta yuksak mavqeni egallagan. U oldiniga xalifalikning Misr, Shom oʻlkalarini, keyinchalik butun harbiy qoʻshinlarini boshqargan. Muʼtasimning yana bir atoqli sarkardasi Haydar ibn Kovus ham kelib chiqishiga koʻra Ustrushona afshinlaridan edi.

Johiz mazkur risolasini xalifa Mutavakkilning kelib chiqishi fargʻonalik boʻlgan maslahatchisi, aygʻoqchilik xizmati boshligʻi sifatida xizmat qilgan Fath ibn Xoqonga bagʻishlaganini hisobga olsak, turonlik harbiylarning xalifalik hayotida tutgan oʻrni yanada yaqqollashadi.

Demak, toʻqqizinchi yuzyillikka kelib, turkiy harbiylar xalifalikda muhim siyosiy kuchga aylangan. Xalifalar ularning harbiy mahoratiga tayanib qolgani bois, turklarning fazilatlarini targʻib qilgan. Xalifa Muʼtasim askarlikka olingan turklar vataniga qaytishni istab qolmasligi uchun ularni Turondan atayin olib keltirilgan ayollarga uylantirgani esa xalifalik xavfsizligi va harb ishi ajdodlarimizga qanchalik bogʻlanib qolganini koʻrsatadi, albatta.

Arab sarkardalari va Johizning turonliklar haqidagi shaxsiy qarashlari bayon etilgan ushbu asarda turklar deganda muallif biz, oʻzbeklar ajdodlari — Turon ahlini koʻzda tutgan. Negaki u paytlarda turkiy qatlamlar hozirgi Eron, Kavkaz, Turkiyada tarqalmagan edi.

“Turklarning fazilatlari” oʻzbek xalqi va davlatchiligi tarixi, ayniqsa, milliy harb ishini oʻrganishda oʻta qimmatli manba boʻla oladi. Undagi harbiy boshqaruv tizimi, harbiy mahorat va salohiyat, urush usullari, qurol-yarogʻlar va ulardan foydalanish, yilqichilik faoliyati alohida  oʻrganadigan mavzu.

Johiz turonliklarning botirligini bir jumla orqali bunday ifodalaydi: “Arab qoʻshinlarining yuragini turklar kabi qoʻrqitgan hech bir xalq yoʻq”.

Turonliklar harbiy boshqaruvi

Olimning taʼkidlashicha, turklar nafaqat jismoniy kuch va jangdagi mahorat, balki harakatdagi tartib, buyruqni bajarishdagi tezlik va intizom bilan ham ajralib turgan. “Ular amirning buyrugʻini kechiktirmay ado etadilar: agar u hukm qilsa, ular uchun buyruq va xohish bir narsadir”, deb yozadi Johiz. Mazkur taʼkid turonlik jangchilarda markazlashgan boshqaruv va rahbar soʻzini qonun sifatida qabul qilish anʼanasi kuchli boʻlganini koʻrsatadi. Muallif buni tabiiy holat sifatida izohlaydi: turklar tabiatan harbiy tuzilmaga moyil, ularda tartib va intizom tugʻma fazilatdir, ular uchun jamoada birlikni buzmaslik, amirga sadoqatni saqlash oliy burchdir.

Johiz turklarning harbiy boshqaruvini chumolilarning faoliyati va boshqaruviga oʻxshatadi. Unga koʻra, chumolilar tartibi va har birining alohida hamda jamoaviy harakati turkiylarning jangchilik va harbiy mahoratini tushunishda amaliy yordam sifatida xizmat qiladi. Chumolilarning har bir harakati tizimli va maqsadli boʻlganidek, turkiy harbiylar ham oʻz vazifalarini aniq anglab, urushda samarali ish tutadi.

Turkiy askarlarning har biri oʻz vazifasini yaxshi biladi va jang maydonida mustaqil qaror qabul qilish qobiliyatiga ega. Chumoli misolidagi oziqni saqlash va hamrohlariga yordam qilish har bir turkiyning jangda oʻz oʻrnini mustaqil nazorat qilish qobiliyati bilan uygʻundir. Bu shaxsiy mahorat va keng koʻlamli fikrlashning ilk namunasidir.

Chumolilarning yoʻlni davom ettirishdagi tez harakati turkiy otliq qoʻshinlar harakatlariga oʻxshash. Turonliklar qoʻshinni tez harakatlantirish, dushman chegaralarini aniqlash va kutilmagan hujumlarni amalga oshirishda bu qobiliyatdan foydalanadi.

Mahorat va salohiyat inʼomi

Turklarning harb ishidagi mahorati va salohiyati haqida yozgan Johiz bu xislatlarni ularga Yaratgan tomonidan inʼom etilgan yurt bilan bogʻliq ekani va bunday holat ­dunyodagi boshqa xalqlarda uchramasligini aytadi.

“Turklarning ayollari ham erkaklaridek jasur, mard. Ularning ot-ulovlari ham oʻziga xos. Tangri ularning yurti, tuprogʻini ana shunday alohida qilib yaratgan. Yer yuzidagi barcha yurtlar va ularda yashaydigan insonlarning quvvati ham, umr uzunligi ham oʻsha yurtniki qanday boʻlsa, shunga mos boʻladi”.

Turonliklarning jangda koʻrsatgan jasoratini boshqa biror xalqda koʻrish mumkin emas, deb yozgan Johiz, arab bir oʻqni otguncha, turonlik oʻnta oʻqni nishoniga urishini alohida urgʻulaydi. Chindan ham ajdodlarimizning yoychilik borasida mahorati ming yillar davomida boshqa xalqlarni hayron qoldirib kelgan. Buning guvohi boʻlgan arablar harbiy yurishlarining ilk davrlaridayoq oʻz qoʻshinlariga toʻrt ming buxorolik yoychini qoʻshib olgani maʼlum. Ular Basrada bir koʻchaga joylashtirilgan va bu joy “Buxoroliklar koʻchasi” nomi bilan mashhur boʻlgan. Bu yoychilar xalifalik qoʻshini tarkibiga jalb qilingan ilk turonlik askarlardir.

“Turonlikning orqaga chekinishi oʻldurguchi zahar kabidir, chunki oldinga qanday aniq mahorat bilan oʻq otsa, orqaga ham xuddi shunday oʻq uza oladi. Arablarning “Turonlikning toʻrtta koʻzi bor: ikkitasi boshining oldida, qolgan ikkitasi esa boʻynining orqasidadir”, degan gapiga biror qoʻshimcha qilishga oʻrin yoʻq deb oʻylaymiz.

U yana bir narsaga tan bergan: “Tez yurishga chidamlilik masalasida, chegara qoʻshinlari, xabarchilar, xizmatchilar va askarlarning kuchlari bir kishida toʻplansa ham bir turkiyga teng kelmaydi”.

Qoʻshindagi askarlarning yana bir fazilati ularning har biri dushman qoʻshinidagi kamchilik va zaifliklarni koʻra olishi bilan bogʻliqdir: “Turklar bir dushmanga qarshi saf tortsalar, ularning hammasi qarshi tomondagi kamchilikni koʻradilar. Agar safda kamchilik va gʻalabaga umid qiladigan holat boʻlmasa, toʻgʻri yoʻl chekinishdir. Turklarning hammasi kamchilikni koʻradi va topadi. Birga ishga kirishganlari uchun hammasining qadri va mukofotlari birdir”.

Turonliklarning jang paytidagi va jangdan keyingi mahorati haqida arablar juda yaxshi bilgan. Johiz turklarni jangdan keyin taʼqib qilish xato ekani, bunga hech kim jurʼat qila olmasligi, chunki taʼqib qilish bilan baribir yetib olish mumkin emasligini bunday ifodalaydi: “Arab taʼqib qilsa, tutish bilan, taʼqib qilinsa, qochib qutulish bilan faxrlanadi. Turkning esa qochib qutulishga hojati yoʻq. Chunki u taʼqib qilinmaydi, uni tutishga harakat qilinmaydi. Tutish umidi boʻlmagan narsani kim ham taʼqib qiladi?”.

“Turkning oti ustida na ogʻirligi bilinadi, na yerda yurganda oyoq tovushi eshitiladi. Turk bizdan bir chavandoz oldida koʻrmagan narsani orqasida turganida koʻradi. U bizdan bir chavandozni oʻlja deb biladi, oʻzini esa yirtqich bars sanaydi, uni kiyik deb, oʻzini esa ovchi deb oʻylaydi. Allohga qasamki, agar bir turk quduqning tubiga qoʻllari bogʻlangan holda tashlansa ham undan chiqish yoʻlini topadi. Uni hech qanday hiyla chorasiz qoldirolmaydi”.

Arab lashkarboshisi tilidan keltirilgan ushbu fikrlarni asarida qayd etgan Johiz shu orqali turonliklarning harb ishidagi mahorati qanday darajada ekanini ham koʻrsatib bergan.

Ayniqsa, uning mana bu eʼtirofi bugun ham ahamiyatini yoʻqotmagan: “Ularning tabiati harakatga asoslangan... Ruhlaridagi quvvat tanalaridagi quvvatdan ham kuchlidir. Chunki ular yongʻin kabi qudratli, haroratli, harakatga tayyor, ziyrak va fahmli odamlardir. Xotiralari kuchli, nigohlari oʻtkirdir. Ular kambagʻallikni ojizlik deb biladilar, uzoq bir joyda boʻlishni nodonlik, rohatni toʻsiq, qashshoqlikni sharmandalik, jangni tark etishni esa xorlik deb hisoblaydilar. Shunday ekan, turklarning fazilati (ustunligi) hammasini qamrab oladi, ularning sharafi boshqalarnikidan ustun boʻladi”.

Jang usullari

Johizning yozishicha, turklarning harbiy faoliyatida ularni arab yoki ajam (arab boʻlmagan) qavmlardan ajratib turadigan muhim jihat bor. U ham boʻlsa, ular kimga qarshi saf tortishlaridan qatʼi nazar, jangga ­tayyorgarlik jarayonida oʻzlariga xos, puxta oʻylangan tartib va tashkiliy usullarni tanlaydi. Birinchi navbatda, dushmanning zarari va hiylasini oʻz qoʻshinlaridan chetlatishni oʻylaydi. Shu bois, turkiy qoʻshinlar jang maydoniga bir xil son, oʻxshash tartib va ichki intizom bilan chiqishga alohida ­eʼtibor beradi.

Agar sulhga erishishning iloji topilmasa va jang muqarrar boʻlib qolsa, turklarning asosiy saʼy-harakati oʻz qoʻshinlarini himoya qilish, saf tuzilmasini saqlash va jangchi kuchini yuqori darajada saqlab qolishga qaratiladi. Zarurat tugʻilganda, ular dushmanga qarshi turli hiylalar — aldov, yoʻlni toʻsish, chalkashtirish va dushmanni kutilmagan paytda bosib olish kabi usullardan foydalanadi. Johiz boshqa xalqlar bu darajadagi harbiy hiyla va oldindan tayyorlangan usullarni tasavvur ham qila olmaganini alohida urgʻulaydi.

Muallif turklarning mustahkam devorli shaharlarga kirib borish yoki Amudaryo kabi tabiiy toʻsiqlarni kesib oʻtishda qoʻllagan harbiy usullari boʻlganiga ham eʼtibor qaratgan. Bu esa turonliklarning nafaqat ochiq maydon janglarida, balki qalʼa olish, daryo kechuvini taʼminlash va yirik yurishlar kabi murakkab harbiy vazifalarda ham malakali boʻlganini koʻrsatadi.

“Ilk hamlaga kelganda, turklar bu ishda oʻta samarali va tezkordirlar. Ular hujum shiddatli, azmi mustahkam boʻlsin, boʻshashmasin va fikri oʻzgarishsiz qolsin deya otlarini ortga burmaslikka oʻrgatadi”. Bu usul ularning jang boshlanishida qoʻllaydigan va raqib safini yorib oʻtib, uni sarosimaga soladigan asosiy quroli boʻlgan.

Johiz bunda asosiy eʼtibor otga qaratilgani, ot jangga kirishdan oldin oʻrgatilishini qayd etgan. Unga koʻra, turk urushdan oldin otiga orqaga qaytmaslikni oʻrgatadi, otga faqat oldinga tashlanish va dushman ustiga shiddat bilan hujum uyushtirishni uqtiradi. Bu esa dushmanni sarosimaga soladi va ilk hamladayoq uni chekinishga majburlaydigan harbiy usul sanaladi.

Muallif Xuroson lashkarlarining kamchiliklarini taʼriflar ekan, jang boshida ular orqaga chekinishga majbur boʻlsa yoki safni qayta tiklash uchun ortga yursa, dushman ustiga bostirib kelgan paytda koʻpincha magʻlubiyat yuz berishini aytadi. Ularning orqaga qaytmay turib, oldinga intilishlari ham baʼzan zarar yetkazadi, chunki tartibsiz harakat safning buzilishiga olib keladi va dushman uchun qulay imkon yaratadi. Arablar esa bir bor qochsalar, ularni qayta toʻxtatib boʻlmaydi, bunday holdan soʻng ular juda kam hollarda yana hujum qilishga jurʼat etadi.

Turonliklar esa bunday emas. Ular xurosonliklar kabi tartibsiz tarzda hujum qilmaydi va orqaga chekinish ham ularning jang uslubida dushmanni chalgʻituvchi, kuchli zarbaga tayyorlovchi bir vositadir. Asarda taʼkidlanishicha, turklarning orqaga chekinishi oʻzlari uchun emas, balki dushman uchun halokatlidir. Chunki turonlik jangchi oldinga qarab qanday mohirlik bilan oʻq otsa, orqa tomonga ham xuddi shunday aniqlik bilan oʻq uzadi. Shuning uchun dushman ularning orqaga qaytayotganini koʻrib, gʻoliblik deya shoshilsa, aynan oʻsha payt halokatga uchrashi mumkin. Natijada turonliklar jang maydonida har ikki tomonga — ham oldinga yurishda, ham orqaga qaytayotgan paytda dushmanga qarshi bosimni saqlab qoladi. Bu esa ularning jangovar ustunligi nafaqat toʻqnashuvning bir bosqichida, balki har bir holatda namoyon boʻlishini koʻrsatadi.

Qurol-yarogʻlar va ulardan foydalanish

Risolada turonlik harbiylarning qurol-yarogʻlari haqida qimmatli faktlar bor. Masalan, nayza haqida bunday maʼlumot uchraydi: “Arabning nayzasi uzun va ichi toʻladir, turonlikning nayzasi esa qisqa va ichi boʻsh boʻlib, ichi boʻsh va kalta nayzalar juda qulay va jangda unumliroqdir”. Demak, Turonda VIII-IX asrlarda asosan kalta, ichi boʻsh nayzalardan foydalanilgan va bu, ayniqsa, otliqlar uchun ancha qulay boʻlgan.

Ichi boʻsh va kalta nayzalarning bir necha ustunligi bor edi: ular osonlik bilan qoʻllanadi, shiddatni oshiradi, jang maydonida tez-tez hujum va mudofaani amalga oshirish imkonini beradi.

Muallifning yozishicha, turonliklar tomonidan ishlatiladigan har xil qurol va jihozlar — oʻq, sadoq, nayza, shuningdek, hujum qurollari va mudofaa yarogʻlarini yasash murakkab hamda bir necha bosqichli jarayondan oʻtgan. Eng asosiysi, turk jangchilari va qurolsozlari ushbu jarayonning barcha bosqichlarini mustaqil, oʻz qoʻllari bilan bajargan. “Ular hech kimdan yordam soʻramaydilar, boshqa ustalar bilan bogʻlanmaydilar va ijara, muddat yoki vaʼdalar bilan bogʻliq tashvishlar bilan bosh qotirmaydilar”, degan soʻzlarni Johiz hayratga tushib yozgan.

“Turklar otliqlariga ikki-uchta yoy va yoydan tashqari boshqa asboblarni ham olib yurishni oʻrgatadilar. Turk hujum qilsa, yonida kerakli boʻlgan hamma narsa, quroli, oti va otiga tegishli asboblari boʻladi”. Demak, ajdodlarimiz jangga hamma ehtiyoj, hatto otining zaruratlarini qondira oladigan holatda kirgan va shu tariqa gʻalabaga erishish yanada osonroq kechgan.

Yilqichilik faoliyati

Yilqichilik xalqimiz turish-turmushida qadimdan alohida ahamiyat kasb etib kelgan. Mahmud Koshgʻariy  bejiz “Ot — turkning qanotidir”, demagan.

Johiz turonliklarning ot parvarishi, otni jangga tayyorlash,  otlarining shiddati va vajohati haqida ham muhim maʼlumotlarni qoldirgan.

Asarda keltirilishicha, turklarning bolalik va ulgʻaygandan keyingi davrida harbiy oʻyinlari boʻlib, oldiniga farzandlariga yugurib kelib otga sakrab minishni oʻrgatgan boʻlsa, ulgʻaygandan keyin ot ustida yoydan aniq oʻq otish va chavgon oʻynash kabi mashgʻulotlar bilan chiniqtirgan. Chavgon oʻyinidan asosiy maqsad ot ustida muvozanatni toʻgʻri saqlay bilish, har qanday raqib hujumiga qarshi tura olish, otdan yiqilib tushmaslik sir-sinoatlarini egallash boʻlganini aytish mumkin.

Urushga kiradigan har bir otga jangda asqatadigan harakatlar va shiddatli hujumlar toychoqligidan oʻrgatilgan. Shu maʼnoda, Johizning quyidagi fikrlari eʼtiborga molikdir: “Arablarning oti turkning otidek sabrli va bardoshli emas. Arab oʻz otini boshqa otliqlar kabi oʻrgatadi va davolaydi. Turk esa baytardan (ot tabibidan) ham mohir, otini parvarishlashda otboqardan ham ustadir”.

Asarda Turon otlarining kuchi va quvvati hamda bardoshliligi haqida qator qaydlar bor. Chunonchi, turklarning otlari ham oʻzlariga oʻxshab juda bardoshli va kuchli. Johiz aytganidek, “Turkning uzoq safarlariga faqat ayrim ulovlar bardosh bera oladi. Turkiy ellarni charchatgan va janglarida yugurtirgan otlarining safariga arablarning oti chiday olmaydi”.

Uzoq safarlarga faqat Turon otlari bardosh bera olishi aynan arab muallifi tomonidan aytilishi bu ishda hatto mashhur arab otlarining ham zaif ekanini anglatadi. Arablar va turklarning otlarini taqqoslagan Johiz turk otlarining yaqqol ustunligini taʼkidlaydi.

“Turkning oti qamish ildizi va daraxt shoxi bilan kifoyalanadi. U otini quyoshdan yoki sovuqdan himoya qilmaydi”. Mazkur holat turk otlarining choʻl va dasht hududlarida uzoq safarlar, harbiy yurishlar paytida tez kasallanishining oldini olgan, otlarning oʻrtacha umrini oshirishga xizmat qilgan.

“Turklarning fazilatlari” manbasi harb ishimizni har tomonlama oʻrganish, boy va qadim harbiy merosimizni xalqimiz va butun dunyoga targʻib etish uchun barcha asoslarimiz borligini koʻrsatadi.

Javohir ZAFARZODA,

OʻzFA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi