Ruminiyada ayiq ayolga hujum qildi

    Ruminiyaning Buchedj (Praxova uyezdi) turistik yo'nalishida ayol ayiq hujumiga uchrab, halok bo'ldi. Bu haqda Agerpres agentligi xabar berdi.

    “Turistga ayiq hujum qilgani haqida signal keldi”, deya Salvamont uyezdi tog'li qutqaruv xizmati xabaridan iqtibos keltirdi agentlik: “Hududga bir guruh qutqaruvchilar yetib kelib, daryo vodiysida ayolni topdi, afsuski, uning joni uzilgandi. Jasadni yetkazish operatsiyasi joyning noqulayligi va ayiq qutqaruvchilardan 10-15 metr uzoqlikda bo'lgani uchun juda qiyin kechdi”.

    Voqea haqida ayol bilan turistik yo'nalishda birga bo'lgan turist xabar berdi, u ayiq ayolni o'rmonga qanday sudrab ketganini ko'rgan. Favqulodda vaziyatlar bo'yicha tuman inspeksiyasi mahalliy Buchedj tog' kurortida yovvoyi hayvon borligi sababli ogohlantirish e'lon qildi.

    So'nggi paytlarda Ruminiyada ayiqlarning aholi punktlari va fermer xo'jaliklariga bostirib kirishi, odamlar va chorva mollariga hujum qilish haqida xabarlar ko'paymoqda. Mahalliy hokimiyat organlari yirtqichlarning nazoratsiz ko'payishidan shikoyat qilib, ularni ovlashga ruxsat berishni talab qilmoqda. O'z navbatida, hayvonlar huquqlari faollari ayiqlar aholi punktlariga oziq-ovqat chiqindilarini beparvo tashlab ketish, shuningdek, ularni boqayotgan turistlarning ko'pligi tufayli kirib kelishini ta'kidlamoqda, deb xabar beradi tass.ru.