Esingizda boʻlsa, Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan bir guruh yoshlarga davlat mukofotlarini topshiradi hamda yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishida Sabina Nabiyeva ham ishtirok etib, erishgan yutuqlari davlat rahbari tomonidan eʼtirof etilgan edi.
Beshariq tumani farzandi Sabina universitetga ota-onasi hamrohligida kirib kelar ekan, bu yerda talaba-yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan, oʻquv-amaliy jarayonlar bilan yaqindan tanishdi.
— Bugungi kunda biz yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar kishini yanada ilm olishga chorlaydi, — deydi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiati Sabina Nabiyeva. — Bu kabi shinam binolar, bunday qulay sharoit, zamonaviy bilim olish muhiti va talabaga yuksak eʼtibor hattoki, Arizona universitetida ham bu yerdagidek emas. Shunday ekan, tanlagan sohamiz boʻyicha faqat oʻqib, oʻz ustimizda koʻproq ishlashimiz, bilim salohiyatimizni yanada rivojlantirishimiz kerak.
Uchrashuv davomida Fargʻona davlat universiteti rektori Bahodirjon Shermuhammadov yosh mehmonni talabalar bilan muloqotga chorlar ekan, OTM yoshlari uning yutuqlaridan kuchli motivatsiya olishlarini, Sabina kabi ilmga chanqoq qizlarimiz nafaqat oʻz oilasining, balki shu millatning, Yangi Oʻzbekistonning chinakam baxti ekanligini aytib oʻtdi.
Tadbir soʻngida, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiati, AQSHning nufuzli Arizona Universitetida kiberxavfsizlik va AyTi yoʻnalishi talabasi Sabina Nabiyeva bilan talabalar oʻzaro ingliz tilida davra suhbati ham tashkil etildi. Unda talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Suhbat soʻngida oliy oʻquv yurti rektori Sabina va uning ota-onasiga tashrif uchun minnatdorchilik bildirdi. Talaba-yoshlar nomidan Fargʻona davlat universitetining esdalik sovgʻalarini taqdim etdi.