“SADA EL-BALAD”: O'zbekiston har bir fuqarosining farovonligi haqida qayg'uradi

    Misrning “Sada El-Balad” gazetasida O'zbekistondagi mahalla instituti, xususan, o'zbek mahallalarining jamiyat rivojidagi o'rni, oilalar farovonligi, tinchlik-osoyishtalikni ta'minlash va yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati haqida maqola chop etildi.

    “O'zbekiston har bir fuqarosining farovonligi haqida qayg'uradi” (“Uzbekistan Cares about the Welfare of Every Citizen”) sarlavhali maqolada O'zbekistonda Uchinchi Uyg'onish davriga poydevor qo'yilayotgani, shu ma'noda, barcha sohalarda tizimli islohotlar amalga oshirilayotgani tilga olinadi. Jumladan, mamlakatdagi yangi taraqqiyot yutuqlarida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi hamda bu yangi tuzilma atrofiga birlashib, faoliyatini islohotlarga hamohang tarzda boshlagan mahallalarning o'rni haqida so'z boradi.

    “Ushbu vazirlik orqali joylarda muammolarni hal qilishning integratsiyalashgan va samarali vertikal tizimi yaratilgan. Bu tashabbuslar birgina maqsadga – shu yurtda yashayotgan xalqlarning farovonligini ta'minlashga qaratilgan. Xususan, qiyin vaziyatlarda aholini ijtimoiy muhofaza qilish, fuqarolarni ijtimoiy himoya etish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu boradagi muhim qadam va yangi ish usuli sifatida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan hududlarda “Temir daftar” tizimi yaratilgani ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni aniqlash va ularga yordam berish imkonini bermoqda”, deb yozadi nashr.

    O'zbekistonda kam ta'minlangan oilalarni qo'llab-quvvatlash, nogiron va ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar ta'lim-tarbiyasi uchun yirik miqdorda mablag' ajratilayotgani e'tirof etiladi. Bu jihatlar, ayniqsa, pandemiya sharoitida yaqqol ko'zga tashlangani, murakkab vaziyatda aholi salomatligini muhofaza qilish, koronavirus yuqtirgan bemorlarga bepul va sifatli tibbiy xizmat ko'rsatish borasidagi chora-tadbirlar mazmun-mohiyati bayon qilingan.

    “Sardoba” suv omborida yuz bergan texnogen ofat oqibatida jabrlanganlarga moddiy va ma'naviy yordam ko'rsatildi. Davlat tadbirning eng muhim bosqichida o'zining insonparvarlik qudratini namoyish eta oldi. Bu fuqarolariga kelajakka umid, oldinga dadil qadam tashlashga turtki berdi”, deyiladi maqolada.

    Maqolada O'zbekistonda bolalar sog'lom rivojlanishi, xotin-qizlarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash masalalariga katta e'tibor qaratilayotgani bilan ham tanishish mumkin.

    “Bir so'z bilan aytganda, bu ezgu ishlar O'zbekistonda aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularni manzilli ijtimoiy himoya qilish muhim masalaga aylangani, davlat har bir fuqaro manfaatlari uchun qayg'urayotganining amaliy tasdig'idir. Zero, inson qadr-qimmati e'zozlanadigan mamlakatda farovonlik va eng muhimi, tinchlik hukm suradi”, deb xulosa qiladi “Sada El-Balad” gazetasi.