Prezidentimizning joriy yil 17-fevral kuni Buxoro viloyatiga tashrifi chogʻida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash borasida Qorovulbozor tumanini ishsizlikdan holi hududga aylantirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, “Mahallamizni ishsizlikdan holi hududga aylantiramiz” shiori ostidagi ishlar yanada keng quloch yoymoqda.
Tumanda joriy yilda 4 mingdan ortiq ta yangi ish oʻrni tashkil etish rejalashtirilgan, uning 918 tasi tadbirkorlik va xizmat koʻrsatish sohasiga toʻgʻri keladi. Aholini tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida 18 milliard soʻmlik imtiyozli kredit mablagʻlari ajratilishi belgilangan.
— Davlatimiz rahbari viloyatimizga tashrifi chogʻida sektor rahbarlari bilan oʻtgan yili amalga oshirgan ishlari hamda joriy yilgi rejalari boʻyicha birma-bir suhbatlashdi, — deydi Qorovulbozor tumani hokimi Akmal Ostonov. — Mazkur uchrashuvda men ham oʻzimning hisobotimni taqdim etdim va 2023-yili tumanimizda sanoat yoʻnalishida yaratiladigan yangi ish oʻrinlari boʻyicha takliflarimni aytdim. Prezidentimiz tumanimizni ishsizlikdan holi hududga aylantirish borasidagi rejalar asosidagi yoʻnalish, vazifa va topshiriqlarni aniq belgilab berdi.
Shu yilning oʻzida katta-kichik 133 ta korxonani ishga tushirishni rejalashtirganmiz. Tuman ahliga savdo va maishiy xizmat koʻrsatish tarmoqlari bilan birga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hamda qurilish sohasini rivojlantirish uchun zarur infratuzilma yaratilmoqda. Agar aholi bandligini taʼminlashga, sogʻligini mustahkamlashga, yashash uchun zarur boʻlgan barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga astoydil harakat qilsak, fuqarolarimizning ertangi kunga boʻlgan ishonchi ortadi.
Yirik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi
Xalqimiz kechagidan koʻra bugun yaxshi yashashni istaydi. Yoʻlining asfaltlanishini, xonadoniga toza ichimlik suv kirishini, tabiiy gaz, uzluksiz elektr taʼminotini, har bir qishloqda maktab va bogʻcha boʻlishini xohlaydi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 14-iyundagi “Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanida quvvati 500 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori tuman kelajagida muhim ahamiyat kasb etadi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish manbalarini diversifikatsiya qilish, aholining va iqtisodiyot tarmoqlarining energiya resurslariga ortib borayotgan ehtiyojini taʼminlash, elektr energiyasi ishlab chiqarishda tabiiy gazdan foydalanishni kamaytirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish koʻlamini kengaytirishga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni keng jalb etishda bu qaror muhim dasturilamal vazifasini oʻtaydi.
Tumanda 100 gektar maydonda erkin iqtisodiy zona tashkil etilgan. Mazkur hududga qarashli “Boʻzachi” mahallasida “Buxoro Yevro sement” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 29 million AQSH dollarilik investitsiya hisobiga yiliga 750 ming tonna sement ishlab chiqarish loyihasi ishga tushdi. Yil oxiriga qadar 250 dan ortiq yangi ish oʻrni ham yaratiladi.
Qurilish materiallari ishlab chiqarish yoʻnalishidagi “Proftkomplekt Buxara” MCHJ tomonidan sim ishlab chiqarish korxonasi 2024-yilda ishga tushiriladi. Loyihaning umumiy qiymati 7 million AQSH dollari. Uning 3,5 million dollari bank krediti, qolgani tadbirkorning mablagʻi. Loyiha amalga oshirilishi natijasida 10 200 tonna mahsulot qayta ishlanadi va 100 ta odam ishli boʻladi.
“Buxara real moto” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan yuk mototsikllari nafaqat yurtimizga, balki qoʻshni davlatlarga ham eksport qilinayotgani tumanning investitsiya salohiyatini yanada oshirmoqda. Korxona 2017-yilda ishga tushirilgan boʻlib, loyihaning umumiy qiymati 14 million AQSH dollaridan ortiqroq. Yillik ishlab chiqarish quvvati 20 ming dona. Korxonada bugungi kunda 300 dan ziyod kishining bandligi taʼminlangan.
“Petrochem Buxara” MCHJ tomonidan neftni qayta ishlash faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, loyihaning umumiy qiymati 15 million dollar. Korxona tufayli bugun 100 dan ziyod fuqaro ish bilan band.
Tumanda yil yakuniga qadar yana bir yirik korxona ishga tushiriladi. “Sulphotech” MCHJ tomonidan qiymati 8 million dollar boʻlgan, tarkibi azot, fosfor hamda kaliy komponentlari va mikroelementlaridan tashkil topgan kompleks oʻgʻitlar ishlab chiqarish loyihasining ishga tushishi natijasida 120 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Kichik sanoat zonasi tashkil etilmoqda
Tumanning “Choʻlquvar” mahallasidagi 5 gektar maydonda kichik sanoat zonasi tashkil etish ishlariga joriy yil boshidan kirishilgan. Bu kichik sanoat zonasida tashabbuskorlar tomonidan umumiy qiymati 40 milliard soʻmlik 8 ta loyiha amalga oshirilishi maqsad qilingan. Hozir bu yerda “Aka-uka SITI” MCHJ tomonidan neft mahsulotlarini saqlash, qadoqlash, gaz kondensatini qayta ishlash loyihasi amalga oshirilgan. Muhimi, bu yerda 45 nafar fuqaroning bandligi taʼminlanyapti.
Shuningdek, yaqin kunlarda “Anvarjon metall servis 2020” MCHJ tomonidan qiymati 3,5 milliard soʻmga teng boʻlgan qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi ishga tushiriladi.
Xorijliklar bilan maqsadli hamkorlik
— Tumanda naslli qoramolchilikni rivojlantirish istiqbollari ham investitsiya loyihalari asosida kengaymoqda. Jumladan, “Buxoro Agroklaster Chorva” MCHJda naslli qoramol zotlarini koʻpaytirish, xalqimiz dasturxonini sifatli goʻsht va sut mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida bir qancha amaliy ishlar olib borilmoqda, — deydi tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Dilmurod Yusupov.
2021-yilda ishga tushirilgan mazkur chorvachilik kompleksi zamon talablari asosida jihozlangan boʻlib, viloyatdagi shunday eng yirik korxonalardan biri. 2023-yilda majmua navbatdagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga kirishdi. Germaniyaning naslli qora mollar, urugʻ va embrionlar sohasiga ixtisoslashgan “Zve Zuchtvieh-Export GmbH” korxonasi bilan tuzilgan shartnomaga koʻra, shved, simmental va qizil daniya zotli 489 bosh qoramol sotib olindi. Hozir ushbu naslli qoramollar chuqur bilim, tajriba va malakaga ega mutaxassislar, zootexniklar nazoratida parvarishlanmoqda.
Parrandachilik istiqbollari
Ayni kunda hududda aholi talab va ehtiyojidan kelib chiqib parrandachilik tarmogʻi, parhezbop goʻsht va tuxum yetishtirish boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Tuman 1-sektoriga qarashli hududda “Parranda eksport savdo” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 700 ming dollar boʻlgan parrandachilik kompleksi ishga tushirilgani fikrimiz dalilidir. Hozir korxonada 100 ming broyler tovuq parvarishlanyapti. Yaqinda yana 50 ming tovuqqa moʻljallangan parrandachilik fabrikasi ish boshlaydi.
— Korxonamizda 20 nafar ishchi mehnat qiladi. 2024-yilning oxiriga qadar 1 million tovuq boqishga moʻljallangan loyihani amalga oshiramiz, — deydi korxona taʼsischisi Farrux Bekmirzayev.
Bundan tashqari, parrandachilik sohasining tuxum yoʻnalishida “Vigour export” MCHJ faoliyat olib bormoqda. Bu yerda 45 ming tovuq parvarishlash uchun umumiy qiymati 1,2 million AQSH dollarilik mablagʻ kiritilib, 15 ta ish oʻrni yaratilgan. Bu mablagʻning 700 ming dollari tashabbuskor tadbirkorning oʻz mablagʻi boʻlsa, 500 ming dollari tijorat banki ulushidir. Korxona tomonidan Xitoydan 1000 ta tuxum sigʻimiga ega inkubator hamda 180 tovuqqa moʻljallangan kataklar olib kelinib, xonadonlarga tarqatilyapti.
“Hayotimdagi eng yorqin voqea”
Mamlakatimizda hunarmandlik, tadbirkorlik yoʻnalishlarida ish boshlaganlar soni ham ortmoqda. Hunarmandlar orasida Prezidentimizning viloyatga tashrifli chogʻida shaxsan uchrashgan Shahnoza Toʻxtayeva ham bor. Ishbilarmon ayol maxsus sovundan turfa xil gullar hamda taqinchoqlar yasash bilan shugʻullanib, oʻz oilasiga yaxshigina daromad keltirmoqda.
— Davlatimiz rahbari bilan uchrashuv hayotimdagi eng yorqin voqea boʻldi. Bu menga kuch, shijoat va ragʻbat berib, oʻzimga ishonchimni mustahkamladi, yanada koʻproq motivatsiya oldim, — deydi Shahnoza Toʻxtayeva. — Ish faoliyatimni boshlaganimga yaqinda bir yil boʻladi. Ijtimoiy tarmoqlarda koʻrib, bu hunarga qiziqishim ortdi va onlayn tarzda oʻrganishga kirishdim. Natijada oʻz ishimni ham yoʻlga qoʻyib oldim. Hozirgi kunda bu hunarni shogirdlarga oʻrgatib, ularning bandligini ham taʼminlab kelyapman. Qoliplarni buyurtma asosida Xitoydan sotib olishga toʻgʻri kelardi. Ayni paytda ularni oʻzimizning sexda ishlab chiqarishni boshladik. Hammasi odamning oʻziga bogʻliq.
Yangilanishlar xususida toʻxtalmay boʻlmas
Tuman markazidan 15 kilometr uzoqlikda, qoʻshni Qashqadaryo viloyatiga yaqin hududda joylashgan “Navbahor” mahalla fuqarolar yigʻini tarkibidagi Toshquduq va Qoʻriqtepa qishloqlarida ayni kunda 2 ming 900 nafar aholi istiqomat qiladi. Choʻlquvarlar hududi yil sayin chiroy ochib, aholini qiynab kelayotgan muammolar yechimiga eʼtibor qaratilayotgani koʻplarni xursand etyapti. 2019-yilda mukammal taʼmirlanib, foydalanishga topshirilgan ikki qavatli 3-umumtaʼlim maktabi 416 nafar oʻquvchini oʻz bagʻriga olgan. Taʼlim dargohiga muqobil energiya taʼminoti uchun quyosh paneli oʻrnatilgan.
— Xalqimizning talab va murojaatlaridan soʻng oʻtgan yili ikki qishlogʻimizning har birida 5 kilometr masofadagi ichki yoʻl asfaltlanib berilgani, koʻchamizga 2,5 kilometr uzunlikda piyodalar yoʻlagi barpo etilgani zoʻr ish boʻldi, — deydi mazkur mahalla fuqarolar yigʻini raisi Nodir Vohidov.
Hozir 154 nafar bolajon qatnayotgan 8-maktabgacha taʼlim muassasasi hamda “Doʻstlik” oilaviy shifokorlik punkti tomiga ham quyosh paneli oʻrnatildi. Doʻstlik va Maʼrifat koʻchalarida yashovchi aholi nomidan hudud tungi chiroqlarini yangilash talabi yuzasidan ish olib borilib, koʻchaning qariyb 1 kilometr qismi tungi yoritish tarmogʻiga ega boʻldi.
“Besh tashabbus” markazi ish boshladi
“Navbahor” mahallasida “Besh tashabbus markazi” foydalanishga topshirilgani ertamiz egalari isteʼdodini yuzaga chiqarishda muhim omil boʻlib xizmat qilishi, shubhasiz.
— Viloyat hokimligi eʼtibori va ragʻbati bilan avvalgi “Doʻstlik” xoʻjaligining eski madaniyat klubi tanlanib, qariyb yarim gektar maydonda Buxoro neftni qayta ishlash zavodi homiyligida qayta qurish, mukammal taʼmirlash ishlari olib borildi, — deydi “Navbahor” mahalla fuqarolar yigʻini yoshlar yetakchisi Ilhom Safarov. — Zamonaviy, koʻrkam qiyofaga kirgan ikki qavatli inshootda sportning badiiy gimnastika, milliy kurash, shaxmat-shashka, stol tennisi, badminton, kibersport, shuningdek, axborot texnologiyalari, kompyuter savodxonligi, ingliz tili, rangli qogʻozlardan gul yasash, musiqa va milliy cholgʻu asboblari, tikuvchilik kabi toʻgaraklar faoliyat yuritmoqda. Markazda kitobsevar yoshlar uchun kutubxona, qolaversa, fitnes va trenajyor zali ham bor.
Darvoqe, bu yangi markaz faoliyati nafaqat yoshlar, balki 7 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan barchaga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan. Mahallada 30 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlar soni 1,5 ming nafardan kam emas. Demak, ularni kasb-korga yoʻnaltirish, boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish, sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, kitobxonlikka va sanʼatga, musiqaga oshno qilishda mazkur “Besh tashabbus” markazining oʻrni va ahamiyati yanada oshadi.
Yoʻllar va yoʻlsozlar
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 25-oktyabrdagi “2022–2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilda avtomobil yoʻllarini qurish, taʼmirlash boʻyicha Qorovulbozor tumanida jami 8 kilometrga yaqin yoʻlni asfaltlash dasturga kiritilgan boʻlib, ayni damda bu loyiha deyarli yakunlanmoqda.
Chunonchi, yoʻlsozlar jonbozligi bilan “Jarqoq” mahallasida 1,8 kilometr yoʻl asfaltlangan boʻlsa, “Boʻzachi” mahallasi ahlining murojaatidan kelib chiqib, Murodobod, Ahillik, Barhayot hamda Navbahor koʻchalarining 3,2 kilometr qismi taʼmirdan chiqarildi va asfalt yotqizildi.
Joriy yil birinchi yarmida tuman yoʻllarida 5,1 millliard soʻmlik taʼmirlash ishlari bajarilib, uzunligi 58 kilometrdan ziyod qismi asfaltlandi. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻlining 50 kilometrida kapital va joriy taʼmirlash ishlari, shuningdek, ichki xoʻjalik yoʻlining 8,2 kilometrida joriy taʼmirlash ishlari toʻla-toʻkis yakunlandi.
Shu yil yakuniga qadar hududdagi avtomobil yoʻlini rekonstruksiya qilish maqsadida qiymati 10 milliard soʻmdan ziyod sarmoya oʻzlashtirilmoqda. Bu umumiy foydalanishdagi 7 kilometr, ichki xoʻjalik yoʻlidan deyarli 11 kilometrda mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshiriladi, deganidir.
Shuningdek, Gʻuzor–Buxoro–Nukus–Beyneu yoʻnalishidagi A-380 yoʻli bosqichma-bosqich sement-beton bilan qoplanadi. Mazkur loyihani amalga oshirishda Xitoyning “China Road and Bridge Engineering” kompaniyasi pudratchi tashkilot sifatida ish olib boradi.
Qorovulbozor tumanidan oʻtuvchi mazkur magistral yoʻlning 150–188 kilometrigacha qismida qurilish ishlari boshlanmoqda. Qiymati 126 million dollar boʻlgan qurilish ishlari 2025-yil oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilgan.
Kanalizatsiya tarmogʻi tubdan yangilanadi
Qorovulbozorda ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimida yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Hamkorlik asosida Turkiyaning “TUMAS-SEURECA” konsorsiumi tomonidan tumanda ichimlik suv tizimini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish boʻyicha loyiha ishlari olib borilyapti. Uning asosida “Navbahor”, “Boʻzachi” hamda “Jarqoq” mahallalaridagi 3 ta suv taqsimlash inshooti rekonstruksiya qilinadi va 68,3 kilometr masofaga ichimlik suv tarmoqlari qurish belgilangan. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, loyiha boʻyicha 3,3 million dollarlik qurilish-montaj ishlari amalga oshiriladi.
Yana bir loyihaga asosan, tumanning kanalizatsiya tarmogʻi tubdan yangilanadi. 5 ta kanalizatsiya nasos stansiyasi qurilib, 49 kilometrlik kanalizatsiya tarmogʻi tortiladi. Bundan tashqari, bir kecha kunduzlik quvvati 2,1 ming kub metr boʻlgan kanalizatsiya tozalash inshooti qurish rejalashtirilgan. Ushbu ishlarni amalga oshirishga 10 million dollar miqdorida mablagʻ yoʻnaltirilishi belgilangan.
Qorovulbozor sardobasi
Qorovulbozorda sayyohlarni oʻziga jalb qiladigan tarixiy binolar, obidalar koʻp. Shulardan biri Qorovulbozor sardobasidir. U XVI asrga mansub boʻlib, shahar markaziga kiraverishda joylashgan. Hovuzining diametri 16 metrdan ziyod, gumbazining balandligi esa 6,5 metr. Sardoba devorlarining qalinligi 1,5 metrgacha. Inshoot pishiq gʻisht bilan ganch qorishmasidan qurilgan.
Gʻishtlar ustidan saksovuldan tayyorlangan koʻmir qatlami toʻshalib, ustidan tuya junidan tayyorlangan 3 qavat kigiz, soʻng pardozlangan 3 qavat mol terisi yopilgan va uning ustidan gʻisht terilgan va ganch bilan suvalgan. Saksovul suvni tuzlardan tozalashda filtr vazifasini bajargan boʻlsa, ganch, pishiq gʻisht va mol terisi suvning yerga ortiqcha shimilib ketishidan himoya qilgan. Umuman, Qorovulbozor tumanida mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb etish uchun barcha imkoniyatlar bor.
Obod qishloq – orasta qishloq
Darhaqiqat, Qorovulbozor tumanida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari shayligi, qurilish-bunyodkorlik ishlari, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash orqali odamlar bandligini taʼminlash, kam taʼminlangan oilalarni daromadli qilishga eʼtibor qaratilayotgani tufayli yuqoridagi yutuqlarga erishilmoqda.
Jumladan, 2022-yilgi “Obod qishloq” dasturiga muvofiq, tuman markazidagi Imom Buxoriy mahallasida alohida mahalla guzari barpo etildi. Umumiy qiymati 1 milliard soʻmlik mazkur loyihaga muvofiq, oʻnga yaqin alohida xonalardan tarkib topgan inshootda novvoyxona, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, goʻzallik saloni, sartaroshxona, pishiriq sexi, fitnes klub, tikuv sexi tashkil etilishi maqsad qilingan. Guzarda birlamchi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hozirlangan boʻlib, bino va undagi xonalar mahalliy tadbirkorlarga “E-auksion” platformasi orqali ijaraga berildi. Bu bilan inshootda yigirmadan ortiq kishini ish bilan taʼminlash maqsad qilingan.
Darhaqiqat, sahro bagʻridagi tumanda kechayotgan islohotlarning barchasi bugun inson qadri uchun xizmat qilmoqda. Aholi bandligi taʼminlansa, sogʻligi muhofazalansa va uning uchun kerakli sharoitlar yaratilsa, albatta, oʻsha joyda ertangi kunga ishonch ortadi, islohotlarga daxldorlik hissi yuqori boʻladi. Qorovulbozordagi har bir harakat ayni shu jihatlarga uygʻun kechmoqda.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri