Sahroi Kabir janubida joylashgan mamlakatlarda har uchinchi bola bezgakka chalingan – olimlar

    Yevropa va Efiopiya shifokorlari Afrikaning Sahroi Kabir janubida joylashgan 13 mamlakatda bolalar o'rtasida bezgakning tarqalishini o'rganib chiqdi.

    Qit'aning ushbu mintaqasida o'rtacha har uchinchi bolaning bu kasallikdan aziyat chekishini aniqladi.

    Gondar universiteti (Efiopiya) tadqiqotchisi Dagmavi Shilo boshchiligidagi bir guruh efiopiyalik va yevropalik shifokorlar Sahroi Kabir janubida yashovchi bolalar orasida bezgak qanchalik keng tarqalganligi va ularning sonining ko'payishiga qanday omillar sabab bo'layotganini o'rgandi.

    Bunday ma'lumotni olish uchun olimlar Sahroi Kabir janubida joylashgan 13 ta mamlakatdagi hamkasblari tomonidan to'plangan ma'lumotlarni o'rganishdi. Ular orasida Burkina-Faso, Gana, Gvineya, Keniya, Liberiya, Madagaskar, Mali, Malavi, Mozambik, Nigeriya, Serra-Leone, Senegal va Tanzaniya bor. Umuman olganda, shifokorlar ushbu mamlakatlarda yashovchi olti oylikdan besh yoshgacha bo'lgan 60,5 mingga yaqin boladan qon namunalarini olishdi va ularda infeksiya izlarini topishga harakat qilishdi.

    Ushbu namunalarning keyingi tahlillari shuni ko'rsatdiki, ushbu mamlakatlardagi yosh bolalarning o'rtacha 30 foizga yaqini bezgak bilan kasallangan, ammo kasallangan odamlarning nisbati mamlakatlar va mintaqalar orasida juda farq qiladi. Xususan, Senegallik bolalarning atigi 5 foizi bezgakdan aziyat chekkan, Serra-Leoneda esa ularning ulushi 62,5 foizga yetgan.

    Bezgak odamlar orasida eng keng tarqalgan yuqumli kasalliklaridan biridir. Uning qo'zg'atuvchisi Plasmodiumlar oilasiga mansub bir hujayrali parazitlardir. JSSTning hozirgi hisob-kitoblariga ko'ra, dunyoda bezgakning barcha turlarini tashuvchilar soni 220 million nafarga yaqin. Har yili 400 mingga yaqin odam ushbu kasallikdan vafot etadi. Kasallanganlarning katta qismi Afrika va Janubiy Osiyoning rivojlanayotgan mamlakatlari hissasiga to'g'ri keladi, deb xabar beradi tass.ru.