Muzeyning meʼmoriy kontseptsiyasi jahoning mashhur arxitektorlaridan biri, nufuzli Pritsker mukofoti sohibi Tadao Ando tomonidan ishlab chiqilgan.

Saida Mirziyoyevaning taʼkidlashicha, Tadao Ando loyihalari asosida bunyod etilgan muzey va madaniy maskanlar Yaponiya, Yevropa hamda AQShda yuksak qadrlanadi. Arxitektorning uslubi chiziqlarning soddaligi va aniqligi, makon hamda yorugʻlik uygʻunligiga o‘ziga xos yondashuvi bilan ajralib turadi.

«Milliy muzey Markaziy Osiyodagi eng yirik madaniy loyihalardan biriga aylanishi shubhasiz. Bu dargohda ko‘rgazma zallari, kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari va taʼlim maydonlari o‘rin oladi», deya yozdi Saida Mirziyoyeva.

Prezident administratsiyasi rahbari mamlakatda tarixiy ahamiyatga molik loyihalar ustida dunyo miqyosidagi meʼmorlarning ishlashi muhim ekanini qayd etdi. Uning soʻzlariga koʻra, bunday obyektlar uzoq yillar davomida xalqga xizmat qilib, tarix va madaniy merosning ajralmas qismiga aylanadi.