Qayd etilishicha, poliklinika binosi 1972-yilda qurilgan boʻlib, kapital taʼmirga, shunindek, yangi standartlar va tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga muhtoj.
Muassasa 13 mingdan ortiq aholi uchun birlamchi tibbiy yordam koʻrsatadi. 16 ta qishloqda yashovchi aholi uchun esa bu tugʻruqni qabul qiladigan eng yaqin va yagona tibbiyot maskani hisoblanadi.
"Yuklama nihoyatda katta, sharoit esa izoh talab qilmaydi. Zax xonalarning kulrang oynalariga urilayotgan yomgʻir tomchilari ham vaziyatni aks ettiryapti.
Bu holat bitta poliklinikaning muammosi emas. Bu — birlamchi tibbiy xizmat tizimida mavjud boʻlgan katta muammolarning aksi. Oldimizda diagnostika va davolash standartlarini takomillashtirish, kadrlar tayyorlash vazifalari turibdi. Mutaxassislar bilan birgalikda viloyat sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish boʻyicha yangi master-rejani batafsil koʻrib chiqdik.
Bu jarayon faqat binolarni taʼmirlash bilangina cheklanmaydi, balki birlamchi tibbiy-sanitariya tizimiga boʻlgan yondashuv tubdan qayta koʻrib chiqiladi. Bugun koʻrganlarim shuni yana bir bor isbotladi: sogʻliqni saqlashdagi muammolarni faqat hisobot va hujjatlar asosida baholab boʻlmaydi", deb yozadi Prezident Administratsiyasi rahbari.









